O‘zbekistondagi mavjud nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 1,5 mingdan ziyodida davlat budjetidan noqonuniy pul mablag‘larini o‘zlashtirish harakatlari aniqlandi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot kotibi Movluda Asqarxo‘jayeva “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Agentlik vakilining qayd etishicha, mamlakatda 27 mingdan ortiq nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud. Ularga 2023-yilda davlat budjetidan 2,7 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

bog‘chaлар, maktabgacha ta’lim agentligi, subsidiya

Movluda Asqarxo‘jayeva. Foto: Maktabgacha ta’lim agentligi.

“Axborot tizimi va sun’iy intellekt funksiyasi yordamida nodavlat maktabgacha ta’lim sohasida kameral nazorat ishlari yo‘lga qo‘yildi. Ayrim MTTlar davlat xususiy sherikchilik asosida o‘rtadagi vositachi shaxslar, ya’ni hakerlar yordamida begona maxsus dasturiy yoki apparat vositalaridan foydalanmoqda. Bu orqali g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan holda subsidiya hajmini sun’iy ravishda oshirib, davlat budjetidan noqonuniy pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari uchramoqda”, — deydi Movluda Asqarxo‘jayeva.

Uning ta’kidlashicha, 2023-yil 27-dekabr holatiga ko‘ra:

  • 734 ta DXSH asosida MTTlar tomonidan bir bolaning ma’lumotlari NMTTBAT (nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bog‘cha axborot tizimiga)ga kiritilib, uning fotosurati o‘rniga boshqa bolaning fotosurati asosida davomati belgilanib kelgan. Oqibatda ularga nisbatan 8,8 mlrd so‘m subsidiya to‘lovlari uch oyga to‘xtatildi;
  • 895 ta DXSH asosida, jumladan, oilaviy MTTlar tomonidan vositachilar yordamida kompyuterlarda virtual mobil qurilmani yaratish orqali haqiqatda MTTga kelmagan tarbiyalanuvchi va xodimlarning davomati soxtalashtirilib NMTTBATga yuborgan. Ularga ogohlantirish xatlari yuborilib, 8,9 mlrd so‘m asoslanmagan subsidiya to‘lovlarining moliyalashtirilishi oldi olindi.

“Ma’lumotlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan”, — deyiladi agentlik axborotida.