Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda maktabgacha va maktab ta’limidagi ishlarni tanqid qildi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov bu haqda ma’lum qildi.

Professinal ta’lim haqida

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, professional ta’lim uchun mas’ul idoralar ko‘payib ketgan. Shuning uchun tizim rivojlanmayapti. Ish beruvchilar va texnikumlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur. Oliy ta’limda qamrov keskin oshdi, sohaga xususiy sektor kirib keldi. Lekin sifatga yetarli e’tibor qaratilmayapti.

Shuningdek, davlat rahbari talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmaganini tanqid qildi.

“Aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmaydi. Ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmaydi, bori ham bugungi talablarga javob bermaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

OTM haqida

Ilm-fan va innovatsiyalarga yetti yilda 6 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Lekin ilm-fanda “xarajat — tadqiqot — mahsulot” degan formula ishlamayotgani qayd etildi. Umuman, ayrim rektorlarda tashabbus, intilish, fidoyilik yetishmayapti. Shu bois oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar bo‘yicha yangi vazir tayinlanib, uning oldiga professional va oliy ta’limda keskin o‘zgarish qilish vazifasi qo‘yildi, deyiladi xabarda.

Maktab va bog‘cha ta’limi haqida

Prezident maktabgacha va maktab ta’limidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusi rejalarni belgilab berdi. 2024-yilda davlat bog‘chalari quvvati yana 10 ming o‘ringa, xususiy bog‘chalarda 50 ming o‘ringa oshiriladi.

“Lekin ba’zi chekka qishloqlarda bog‘cha hali yo‘qligi sababli hamma bolalar ham maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan, ayrim tumanlarda bog‘cha yetarli bo‘lishiga qaramay, qamrovi o‘tgan yilga nisbatan biroz kamaygan. Xususiy bog‘chalarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilmoqda, lekin davlat bog‘chalarida bu jarayon hali boshlanmagan”, — dedi prezident.

Ma’lum bo‘lishicha, har yili bog‘cha tarbiyachilarining o‘rtacha bor-yo‘g‘i 9 foizi malaka oshirmoqda. 12 mingta oilaviy bog‘chada davlat ta’lim standartidagi o‘quv-metodik materiallar yetarli emas.

Prezident Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘chalarda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha tizim yaratish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, bog‘cha mudiraligiga nomzodlarni saralash, ularni lavozimga tayinlash tizimini ishlab chiqish; barcha bog‘chalarda ovqat, davomat, badal puli kabi barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish; 250 ta davlat bog‘chasida ta’lim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi.

Bog‘chalarni milliy qadriyatlarga mos yagona standartlar asosida o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.