Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkaziladi. Bu haqda 5-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Majlisda maktablarda og‘riqli masalalardan biri, bu — tarbiya va ma’naviyat ekani qayd etildi.

O‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi.

“So‘rov maktab direktoridan bo‘layapti, lekin Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga mas’ul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, o‘quvchilarni sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmayapti”, — deya qayd etdi prezident.

Shu munosabat bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarga:

  • voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasining 1-qismi);
  • ta’lim muassasalari hududi va uning atrofida o‘quvchilar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni oldini olish va maktablarda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish hamda belgilangan tartibda jazo chorasini qo‘llash (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56−1, 183, 187-moddasi 1-qismi);
  • voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga (spirtli ichimliklarni, giyohvandlik vositalari yoki odamning aql-idrokiga, irodasiga ta’sir qiladigan moddalarni iste’mol etishga) jalb qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-moddasi) vakolati berilgandi.