O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga ijtimoiy soha vazirlari, shuningdek, ularning o‘rinbosarlari va hokim o‘rinbosarlari bilan bir yillik shartnomalar tuzish, ularga samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) belgilash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari dushanba kuni ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida 2024-yilga mo‘ljallangan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi, dedi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ijtimoiy sohaga 13 ta vazirlik va idora, 223 nafar hokim o‘rinbosari mas’ul ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, hududlarda yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlarni amalga oshirishda ko‘plab kamchiliklar mavjud.

Maktabgacha va maktab ta’limida erishilgan katta o‘zgarishlar bilan bir qatorda bog‘cha bilan maktab, maktab bilan kollej va oliygoh o‘rtasida uzviylik yetarli darajada emas, — dedi prezident.

Mahalla raisi maktabda tarbiya va davomat masalalari, ota-onalar bilan hamkorlik qilish bilan qiziqmayotgani, tuman hokimlari, yoshlar va ijtimoiy masalaga mas’ul o‘rinbosarlari maktabda ma’naviyat va sport tadbirlarini tashkil etishga e’tibor bermayotgani ta’kidlandi.

Shu sababli o‘tgan haftada maktabgacha va maktab ta’limi vazirining yangi o‘rinbosarlari tayinlandi, dedi davlat rahbari. Ularga maktablarda yangicha ta’lim, tarbiya va ma’naviyat muhitini yaratish vazifasi yuklatildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatida ham kamchiliklar mavjud, dedi davlat rahbari.

Kasb-hunar ta’limiga mas’ul bo‘limlar soni ko‘payganligi sababli bu soha rivojlanmayapti. Ish beruvchilar va texnikumlar hamkorligi yetarli emas, dedi prezident.

Oliy ta’limda qamrov keskin oshdi, sohaga xususiy sektor kirib keldi. Lekin sifatga yetarli e’tibor qaratilmayapti, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagan. Aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmaydi. Ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmaydi, bori ham bugungi talablarga javob bermaydi, — dedi prezident.

Ilm-fan va innovatsiyalarga yetti yilda 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Lekin ilm-fanda “xarajat — tadqiqot — mahsulot” degan formula ishlamayotgani qayd etildi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ayrim rektorlarda tashabbus, intilish, fidoyilik yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar bo‘yicha yangi vazir tayinlanib, uning oldiga professional va oliy ta’limda keskin o‘zgarish qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezident tibbiyot sohasidagi kamchiliklarni ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda Sog‘liqni saqlash vazirligida 7 ta vazir almashgan, biroq sohani raqamlashtirish va tibbiy sug‘urtani joriy etish ishlari yakuniga yetmagan.

Respublika markazlari bilan birlamchi bo‘g‘in o‘rtasida integratsiya yo‘qligi qayd etildi, dedi Shavkat Mirziyoyev.