Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil (bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda tizimli jinsiy tarbiya yo‘qligi haqida gapirdi.

U jamiyatning ayrim a’zolari jinsiy tarbiya “bolaning tarbiyasi va axloqiy fazilatlariga qandaydir tarzda tahdid soladi”, degan fikrda ekaniga e’tibor qaratdi. Surayyo Rahmonovaning fikricha, bu noto‘g‘ri tushuncha, chunki jinsiy tarbiya ma’rifat hisoblanadi.

“Undan olabo‘ji yasamaslik kerak. Ma’rifat hech qanday tahdid solishi yoki zarar keltirishi mumkin emas. U bolaga ma’rifat beradi. Va umuman olganda, agar jinsiy tarbiya haqida gapiradigan bo‘lsak, bu shunchaki jinslar yoki anatomiyani o‘rganish emas, butunlay boshqa narsa. Insonning reproduktiv huquqlari, reproduktiv tizim, shaxsiy chegaralar va xavfsizlik nima ekanini tushunish bilan bog‘liq bir qator jihatlar mavjud. Jinsiy zo‘ravonlik qachon yuzaga kelishi mumkin, uning qanday xavf-xatarlari bor, ular qayerdan boshlanadi va qanday qilib uning oldini olish mumkin? Ya’ni bolalarimiz bilishi kerak bo‘lgan masalalarning butun qatlami mavjud”, — dedi bolalar ombudsmani.

Surayyo Rahmonova bolalar jinsiy tarbiya asoslarini maktabda olmasa, unda qayerda olishi kerak, deb qiziqdi. Shu bilan birga, u bu “alohida malaka talab qiladigan” “nozik masala” ekanini tan oldi.

Uning fikricha, maktablarda jinsiy tarbiyani majburiy o‘quv dasturiga qo‘shgandan ko‘ra, bosqichma-bosqich o‘qitish va ixtiyoriy fanlar tarkibiga kiritish mumkin.

“Biz ota-onalarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda bir nechta maktablarda tajriba loyihalarini amalga oshirishimiz mumkin. Bu majburiy bo‘ladi, chunki jinsiy tarbiya amalda bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarda farzandlariga ushbu dars kerak yoki kerakmasligini ota-onalar hal qilishadi. Ya’ni u yerda siz astalik va ehtiyotkorlik bilan ushbu ta’lim tizimiga kirishingiz mumkin. Jinsiy tarbiya g‘oyasi bilan bog‘liq stereotiplar juda dahshatli narsa bo‘lib ko‘rinadi… Jinsiy tarbiya dahshatli bo‘lishi mumkin emas, u bolaga qo‘shimcha ta’lim beradi. U buni yana qayerdan o‘rgansin? Internetdami? Tengdoshlaridanmi?” — so‘radi u.

2020-yil noyabr oyida Senat va Gender tenglik komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva jinsiy tarbiya tabu mavzu bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan edi. Uning aytishicha, maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab “yoshga qarab” tushuntirish ishlari olib borilishi, maktab va oliy o‘quv yurtlarida oilani shakllantirish, reproduktiv salomatlik, tug‘ish, saqlanish, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh va boshqa masalalar muhokama qilinishi zarur.

2019-yil avgust oyida reproduktiv salomatlik to‘g‘risidagi qonun kuchga kirganiga yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay, Sog‘liqni saqlash va ta’limga oid vazirliklar tomonidan reproduktiv salomatlik va jinsiy tarbiya bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqilmagani ma’lum qilingan edi.

Prezidentning 2023-yil 21-dekabrdagi qarori bilan maktablarning biologiya" va tarbiya fanlari bo‘yicha o‘quv dasturlariga “oilaga tayyorgarlikni ta’minlovchi mavzular guruhi"ni kiritish rejalashtirilgan.