5-fevral kuni Belarus poytaxti Minskda 2021-yildan buyon elchixona maslahatchisi, muvaqqat ishlar vakili vazifasini bajarayotgan Rahmatulla Nazarov O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi vazifasini bajarishga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Rahmatulla Nazarov 53 yoshda, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1995-yilda Toshkent shahridagi tijorat tuzilmalarida boshlagan.

1997-yilda Tashqi ishlar vazirligiga Shartnoma boshqarmasining attashesi lavozimiga ishga qabul qilingan, keyinroq boshqa qator boshqarmalarda turli lavozimlarda, jumladan, TIVning boshqarma boshlig‘i, shuningdek, Belgiya va Qirg‘izistondagi elchixonalarda, Shanxay hamkorlik tashkiloti ishlari bo‘yicha milliy koordinator sifatida ishlagan.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida, Toshkentdagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazining birinchi direktori bo‘lgan hamda Senat a’zosi etib saylangan. Belarusga tayinlanishidan oldin u tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan.

Rahmatulla Nazarov 2018—2021-yillarda elchixonani boshqargan Nosirjon Yusupov o‘rniga tayinlandi.