Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida onalar va go‘daklar o‘limining oldini olish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi, deb yozmoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Har bir ona va bola o‘limi „favqulodda holat“ deb baholanadi va so‘rov shunga yarasha bo‘ladi”, — deya ogohlantirdi prezident Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat hokimlari, viloyat va tuman tibbiyot idoralari rahbarlarini.

Qayd etilishicha, xorijdan mutaxassislarni olib kelib, eng avvalo, ona va go‘dak o‘limi yuqori 20 ta tuman va shahardagi tibbiyot xodimlarini o‘qitadi. “Xavf guruhi”ga kirgan homilador va tug‘uruq yoshidagi ayollar bilan ishlash protokoli yangilanadi.

Shuningdek, tibbiyot brigadalaridagi 8,5 ming doya ilg‘or tajriba asosida reproduktiv salomatlik va homiladorlar parvarishi bo‘yicha o‘qitiladi.

Yig‘ilishda perinatal markazlar boshqaruviga xorijiy mutaxassislarni olib kelish, 229 ta tug‘ruqxonani zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash topshirildi.

O‘zbekistonda 2023-yilning 9 oyi davomida onalar o‘limi ko‘rsatkichi 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 14,1 promillini tashkil etgandi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning shu davriga nisbatan 13,1 promilliga teng bo‘lgan. Xususan, Sirdaryo viloyatida ko‘rsatkich 11,6 promillidan 45,6 promilliga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Keniya poytaxti Nayrobi shahrida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston 2030-yilgacha onalar o‘limi, gender notengligi va maishiy zo‘ravonlikni batamom tugatish majburiyatini zimmasiga olgandi.

Shavkat Mirziyoyevning 2023-yildagi prezident saylovi dasturida esa 2030-yilga qadar onalar va bolalar o‘limi, shuningdek, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifa bo‘lishi ta’kidlangan.