Prezident 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyati haqida gapirdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Shavkat Mirziyoyev 2023-yili Davlat test markazi Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etilsa-da, agentlik haligacha abituriyentlarni imtihon qilish bilan cheklanayotganini ta’kidladi.

Shu sababli professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash va ularni baholash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi ko‘rsatib o‘tildi. “Umuman, ish beruvchilarda katta ehtiyoj, talabalarda salohiyat va xohish bor. Shuning uchun kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bog‘laydigan tizim yaratiladi”, — deyiladi xabarda.

Endilikda Loyiha ofisi rahbari bir vaqtning o‘zida Kasbiy bilim va malakalarni rivojlantirish respublika kengashiga rahbar bo‘ladi. Bandlik vazirligi tizimidagi Mehnat tadqiqotlari instituti ham Loyiha ofisiga biriktiriladi.

Ular Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2024-yilda O‘zbekistonda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan muhit olib kirishga mas’ul bo‘ladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, mutasaddilarga 1-maygacha talab yuqori 100 ta kasbni tanlab, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb standartlarini ishlab chiqish topshirildi.

Bunda kasbga talab ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Ish beruvchilarning vakillari ta’lim muassasasida joylashishi uchun juda katta imkoniyatlar yaratiladi. Ular bilan har bir oliygoh, texnikum va kollejda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Talabalar amaliyotni tashkil etilayotgan yangi korxonalarda ko‘proq o‘tkazishi lozimligi ta’kidlandi.