Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga tibbiyotga oid o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi

Prezident tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.

Poliklinikalar faoliyati soat 20:00 gacha uzaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytirilishini ma’lum qildi. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Markaziy bank rahbari Rossiyadan pul o‘tkazmalarining «sezilarli» qisqarganini ma’lum qildi

Mart oyining birinchi yarmida Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamaydi, dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. U pul o‘tkazmalarining qisqarishi aholi daromadlari va ularning kredit to‘lash qobiliyatiga ta’sir qilishi mumkinligini tan oldi.

1 apreldan Qozog‘istonga poyezd qatnovi tiklanmoqda

1 apreldan Nukusdan Qozog‘istonning Beyneu shahriga (Mang‘istau viloyati markazi) yo‘lovchi poyezd harakati tiklanmoqda. Poyezdlar haftasiga uch marotaba har ikkala tomondan harakatlanadi. Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich ochilishi kutilmoqda.

Navro‘z bayrami kuni ayrim joylarda qor yog‘ishi kutilmoqda

Navro‘z bayrami kuni respublikaning to‘rtta hududidan tashqari boshqa joylarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi kuchsiz sovuq saqlanib turadi. Kunduz kuni harorat biroz ko‘tariladi. 23 martda O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yi hududlaridan yana nam va sovuq havo kirib kelishi kutilmoqda.

Sovuq harorat tufayli agrarchilarga yordam berish bo‘yicha tezkor guruhlar tuzildi

Respublika bo‘yicha mevali bog‘ va tokzorlar, ertaki kartoshka va sabzavot ekinlarini sovuq urishidan asrash bo‘yicha tezkor guruhlar tuzildi. Ular soha olimlari bilan birgalikda agrarchilar uchun tavsiyalar ishlab chiqadi.

Samarqand xalqaro aeroporti foydalanishga topshirildi

Juma kuni Samarqand xalqaro aeroportining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Majmua soatiga 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi va «Ochiq osmon» rejimida ishlaydi. 2022 yilda aeroportdan Moskva, Sankt-Peterburg, Istanbul, Olmaotaga, 2023 yildan boshqa shaharlarga parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash kodeksi ishlab chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev shifokor va tez yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatilayotganini tanqid qildi. «Bu bizga mutlaqo yarashmaydigan holatdir», — dedi u. Endi tibbiyot xodimlarining ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash kodeksi ham ishlab chiqiladi.

Talabalarning aylanma varaqani to‘ldirish amaliyoti bekor qilindi

OTMni tugatgan yoki o‘qishini ko‘chirgan talabalarning aylanma varaqani to‘ldirish amaliyoti bekor qilindi. Endilikda bu jarayon onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Vodiydagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi

Respublikada kuzatilayotgan sovuq va nam ob-havo sababli vodiy viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyati soat 18.00 dan vaqtincha to‘xtatiladi.

Shifokorlarni litsenziyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Prezident xorij tajribasi asosida klinikalarni emas, shifokorlarni litsenziyalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish kerakligini ta’kidladi. «Bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, tibbiyot xodimlarini malaka oshirishga majburiy yuborish talab etilmaydi», — dedi u. Qolaversa, yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi «elektron sog‘liqni saqlash» tizimi yaratiladi.

2025 yilgacha xorijdan keltirilgan tibbiy jihoz va uskunalar QQS va bojxona bojidan ozod qilinadi

Tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025 yil 1 yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi. Qolaversa, xususiy klinikalardan «turizm yig‘imi» undirish bekor qilinadi.

2025 yilgacha «Tez yordam»dagi «Damas"lar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi

2022−2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha «Damas» va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Jumladan, reanimatsiya mashinalari ham olib kelinadi. Buning uchun 65 mln dollar jalb qilinadi.

Tibbiyot OTMlari talabalariga shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat beriladi

Tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5−6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali yiliga 7 mingga yaqin talaba ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.

«Nima uchun men iqtisodchini vazir qilib qo‘ydim?» Prezident — Behzod Musayev haqida

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga nima sababdan tibbiyot xodimlari orasidan emas, balki iqtisodchi Behzod Musayev tayinlanganiga izoh berdi. «Tibbiyotchilar juda ko‘p ishladi. Transformatsiya jarayoni ketyapti. Biz sohadagi hisob-kitobni joyiga qo‘yishimiz kerak… Iqtisodiyotni va hisob-kitobni bilganni vazir qildim», — dedi u.

«Men shifokorning o‘g‘li bo‘lganimdan butun umr g‘ururlanib yuraman» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident 2022 yilda budjetdan tibbiyot sohasiga ajratilgan 24 trln so‘mga qo‘shimcha 3,2 trln so‘m mablag‘ berilishini ma’lum qildi. U so‘zi davomida shifokorlarning mehnatini yuksak qadrlashini aytdi. «Men shifokorning o‘g‘li bo‘lganimdan butun umr g‘ururlanib yuraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Halol shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar belgilanadi — prezident

Prezident halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar to‘lab berilishini ma’lum qildi. Yangi ish boshlagan yosh shifokorlarga esa 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qariyb 1 mlrd dollarga oshdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda 935,6 mln dollarga ortib, 1 mart holatida 35,36 mlrd dollarga yetdi. Yalpi zaxiralar o‘sishi xorijiy valyutadagi aktivlar hisobiga (983 mln dollarga ortgan) to‘g‘ri keldi. Oltin zaxiralari esa 50,4 mln dollarga kamaygan.

Ohangaronda hokimlik xodimi 20 ming dollar pora olayotganda ushlandi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hokimligi xodimi fuqaroga auksion savdosida 500 gektarlik yaylovni 35 ming dollarga evaziga olib berishni va’da qilib, pulning 20 ming dollarini olayotganda ushlandi.

Bloger Asalhoney Toshkentdagi uyida o‘lik holda topildi

Bloger Asal Xodjayevaning (Asalhoney) jasadi Toshkentdagi uyida qotillik alomatlari bilan topildi. Prokuratura hodisani tergov qilmoqda.

Shakar zavodlari birja savdolariga qo‘yiladigan shakar hajmini oshirdi

Mart oyi boshidan beri birja savdolarida shakar narxi 21,6% ga ko‘tarilib, bir kilogrami uchun 10 ming so‘mdan ziyodga yetdi. Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida shakar zavodlari tomonidan birja savdosiga qo‘yiladigan shakar hajmi o‘rtacha 30 foizga oshirildi. Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda, mamlakatlar rasmiylarining ma’lum qilishicha, spekulyatsiyalar va sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan tanqislik natijasida mazkur mahsulotga bo‘lgan talab borasida ajiotaj kuzatilmoqda.

Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi elchisi ish boshladi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi elchisi Kim Xi Sangdan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilib oldi.