Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan (Sevimli telekanali tasvirchisini kaltaklaganini aytgan) IIV va Milliy gvardiya xodimlariga nisbatan chora ko‘rilishiga umid bildirdi. Agentlik barcha davlat organlarini jurnalistlar mehnatini hurmat qilishga chaqirdi.
IIV ichki ishlar xodimlari kaltaklagani aytilgan Sevimli telekanalining tasvirchisi stadionga kirishga uringan olomonning janjali vaqtida jabrlanganini ma’lum qildi. «Jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.
Sevimli telekanali O‘zbekiston-Iroq o‘yinini videoga olayotgan tasvirchi bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganini xabar qildi. Xodimlar keyin uzr so‘rashgan va voqea haqida xabar bermaslikni talab qilishgan. Telekanal yangilikni o‘chirib tashladi.
IIV matbuot kotibi IIB xodimlari kaltaklashganini aytgan yigit va qiz «giyohvandlik vositalariga aloqadorlik, shuningdek, profilaktik nazorat buzilishi» bo‘yicha gumonlanib, tekshirish uchun bo‘limga olib borilganini ma’lum qildi.U «boshidanoq fuqarolar o‘zini noo‘rin tutganini» aytib, qisqa videoni e’lon qildi.
Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ikki xodimi tadbirkordan elektr energiyasi liniyasini ulab berish evaziga 51 ming dollar talab qilganlikda gumonlanmoqda. DXX ularni kelishilgan mablag‘dan 300 mln so‘mi va 5 ming dollarini olgan vaqtida ushladi. Ularga nisbatan jinoyati ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand va Namangan viloyatlarida ichki ishlar xodimlari fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringani aytilmoqda, buning isboti esa video lavhalarda aks etgan. Samarqandda ichki ishlar xodimi ayol kishini prokuratura binosidan chiqarishga urinayotganida o‘z qo‘li bilan xizmat kiyimidagi pogonini yulib tashlagan, buning uchun esa sud ayolni aybdor deb topgan. «Ezgulik» jamiyati tergov va sud ishi qonunga zid olib borilganini aytmoqda. Namangandagi holatda esa YPX xodimi haydovchi bilan tortishib, unga boshi bilan zarba bergan, inspektorga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Qoraqalpog‘istonda 0,5 gektar yerni 47 ming dollarga, Toshkentda 6 sotix maydonni 14 ming dollarga hamda Buxoroda 4 sotix yerni 9 mingga sotishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xorazm viloyatida odamlarni urib, do‘pposlab kelganlikda gumonlanayotgan 3 nafar shaxs qo‘lga olindi. Gumonlanuvchilarga tegishli avtomashinalardan pichoq va temir bita topilgan.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Toshkentda kuzatilayotgan kuchli shamol sababli haydovchilardan avtomobillarini daraxtlar tagida qoldirmaslikni so‘ramoqda. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi mumkin.
IIV YPX xodimining foto va videosini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlashga oid taklif nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini e’lon qildi. Jamoatchilik vakillari esa bunga qarshi munosabat bildirdi, jumladan, Davletovuz yozishicha, «bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam». Nurbek Alimov esa bu bilan jamoatchilik nazorati yo‘qolishini ta’kidladi. Xushnudbek esa VMning bunday cheklov o‘rnatishga vakolati yo‘qligini eslatib o‘tdi.
Senatning yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2021 yilda har uchinchi qotillik (158 tasi) va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi oilaviy muammolar tufayli sodir etilganini ma’lum qildi. Qolaversa, o‘tgan yili aniqlangan jinoyatlarning 89 foizi fosh etilgani, qidiruvdagi 4,6 mingdan ortiq shaxs esa ushlangani aytildi.
Samarqand viloyatida «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti g‘oyalari aks etgan materiallarni tarqatganlikda gumonlangan 9 nafar fuqaro ushlandi. Ular O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanmoqda.
12 oy davomida haydovchining qoidabuzarligi uchun hisoblangan jarima ballari 12 balldan oshsa, uni haydovchilik huquqidan bir yilga mahrum etish rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng, haydovchi qayta imtihon topshirib, guvohnomani olishi mumkin bo‘ladi. Aslida, mazkur tartib 2018 yildayoq ishlab chiqilgan, biroq joriy etilmagandi. IIV rahbari o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev «U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir», deb izoh berdi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarni videoga olgandan so‘ng, uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga joylaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishini ma’lum qildi. IIV rahbari matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bu borada hujjat hali ishlab chiqilmaganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «to‘liq taqiq bo‘lmasa-da, qandaydir chegaralar qo‘yiladi». Bunga deputat Rasul Kusherbayev e’tiroz bildirdi.
Sirdaryo viloyatida ikki fuqaro ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik va terrorchilik materiallarini tarqatganlikda gumon qilinmoqda. Ulardan biri Telegram`da virtual guruh ochib, aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi audio va video materiallarni joylashtirgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston harakat xavfsizligini ta’minlash uchun 10 dan ortiq xorijiy davlat tajribasi, jumladan, Vision Zero strategiyasini hayotga tadbiq etmoqchi. IIV rahbari o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tajriba Farg‘ona viloyatida yaxshi natija bergan. Endilikda piyodalarga yo‘llarni kesib o‘tish uchun sharoit yaratish bilan birga qoida buzganlarini jazolash ham ko‘zda tutilmoqda. UNICEF hamkorligida esa bolalar uchun video va kitob shaklida qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Kegeyli tumanlarida IIB boshliqlari o‘zgardi. Shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarining bir qancha tuman IIBlarida ham lavozim tayinlovlari amalga oshirildi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida erkak 81 yoshli keksa ayoldan suv so‘rab, shundan so‘ng, uni sintetik mato bilan bo‘g‘ib, xonadondagi 1 mln so‘mni o‘zlashtirgani aytilmoqda. Tergov harakatlari natijasida bu ishni amalga oshirganlikda 50 yoshli erkak gumonlanib, hibsga olingan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Deputatlar ov quroliga egalik qilishning minimal yoshini 21 yoshdan 25 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qilmoqda. Hujjatda barcha turdagi pnevmatik qurolga egalik qilishni ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi orqali amalga oshirish va fuqaro egalik qilishi mumkin bo‘lgan qurollar sonini 3 dona bilan chegaralash taklifi ham ilgari surilmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar inson omilidan holi, avtomatlashtirilgan tarzda o‘tkazilishi jarayondagi korrupsion holatlarga chek qo‘yadi. «Imtihondan pul, tanish-bilish orqali bilan o‘tishning imkoni bo‘lmagach, hamma o‘z-o‘zidan o‘qishga majbur bo‘ladi, mas’uliyatsiz avtomaktablar esa yoki ishini yig‘ishtiradi, yoki sifatli ta’lim berishni boshlaydi», — dedi vazir o‘rinbosari.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting