Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi IIB bilan hamkorlikda «Hizb ut-Tahrir» tarafdorligida gumonlanayotgan fuqarolarni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, ushlanganlardan biri — A.O. sakkiz nafar fuqaro bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda virtual doira tuzib, «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti g‘oyalari aks etgan materiallarni muntazam tarqatib kelganlikda gumonlanmoqda.

Shuningdek, A.O. internet tarmog‘i orqali «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti g‘oyaviy rahnamolaridan biri 1980 y.t., Qirg‘iziston fuqarosi Maxmudjon Xoldarov (Maxmud Abdulmo‘min) bilan aloqada bo‘lib, uning ko‘rsatmalari asosida faoliyat olib borgani aytilmoqda.

O‘tkazilgan tadbir davomida, gumondorlarning noqonuniy faoliyatini fosh etuvchi ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan va ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.