Sirdaryo viloyatida 30 va 31 yoshli fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarning radikal g‘oyalarini tarqatganlikda gumon qilinmoqda. Ushbu holat Sirdaryo viloyati IIB va DXX hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Sirdaryo tumanida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro «A.X.» Telegram messenjerida virtual guruh ochib, aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi audio va video materiallarni joylashtirib, uni internet foydalanuvchilari orasida ommalashtirgani aytilmoqda va u qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor tadbirda unga yaqin aloqada bo‘lgan, 1991 yilda tug‘ilgan «G‘.D.» ham tergovga jalb etilgan.

Ikki fuqaroning telefonlari va yashash manzillaridan olingan daliliy ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ularga Sirdaryo viloyat IIB Tergov Boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandi (ularni OAV yoki internetdan foydalanib tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Fuqaro «A.X.»ga nisbatan esa «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.