Toshkent shahrida erkak kishi keksa yoshdagi ayolga zo‘rlik ishlatib, unga tegishli bir million so‘mni o‘zlashtirgan holda voqea joyidan yashiringan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Hodisa 4 fevral kuni kunduzi Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘y bergan. Noma’lum shaxs 81 yoshli P.G.ning xonadoniga kelib, undan ichimlik suvi olib chiqib berishini so‘ragan va paytdan foydalanib xonadonga bostirib kirgan.

Erkak ayolning bo‘ynidan sintetik mato bilan bo‘g‘ib, xonadondagi 1 mln so‘mni talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

«Gazeta.uz» manbasi ma’lum qilishicha, jabrlanuvchi G. P.ning tanasida ko‘zga ko‘rinadigan jarohatlar aniqlanmagan. Biroq ayol tanasida jarohatlar bor-yo‘qligini aniqlash maqsadi-da, sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov-tezkor harakatlar davomida, ushbu jinoyat Toshkent viloyatida yashovchi, hech qayerda ishlamaydigan, muqaddam sudlangan 50 yoshli X.V. tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

Gumondor Yangiyo‘l shahrida (JPK 221 moddasi tartibida) ushlangan va tergovga keltirilgan, dastlabki tergovda bir qator dalillar bilan X.V.ning aybi o‘z isbotini topgan.

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.