19 mart kuni Senatning 24-yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2021 yil yakuni bo‘yicha axboroti eshitildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 321,4 tadan to‘g‘ri kelgan.

«O‘tgan yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1%), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi (14,4%) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan. Hisobotda qayd etilishicha, bunga oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi sabab bo‘lgan», — deyiladi hisobotda.

Bunday nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi (8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 2021 yilda 9759 nafar xotin-qiz 9053 ta jinoyat sodir etgan. Bunga og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan.


Qolaversa, jinoyatlarning 65,2 foizi Farg‘ona, Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlarida yashovchi voyaga yetmagan bolalar tomonidan sodir etilgan. Shuningdek, 14 mingdan ortiq ishsizlar jinoyatga qo‘l urganligi joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yilda aniqlangan jami jinoyatlarning 89 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 4615 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 507 nafar shaxs topilgan.

9 314 ta mahallada kriminogen vaziyat tahlil qilinib, mahallalar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 2021 yilda 2 639 ta mahallada (28,3 foiz) jinoyatlar sodir etilmagan, 3 628 tasida (39 foiz) ularning sodir etilishi holatlari kamaygan.

Iqtisodiyot, boshqaruv va odil sudlov sohasida 1313 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan 1018 ta jinoyat aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 86,1 mlrd so‘m miqdoridagi zarar undirilgan.

Bundan tashqari, 14 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatadi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva o‘z o‘rnida himoya orderi bo‘yicha ichki ishlar yaxshi ishlayotganini qayd etdi.

«Himoya orderi bo‘yicha ichki ishlar yaxshi ishlamoqda. Order muddatini 1 oydan 1 yilga cho‘zmoqdamiz. Biroq qilinayotgan ishlar yetarli emas. E’tibor asosan ayollar himoyasigagina qaratilgan. Ya’ni psixolog ham, mahallayu uning nozirlari ham faqat ayollar bilan ishlamoqda. Biroq uning turmush o‘rtog‘ichi? U bilan kim ishlaydi? U tarafdan keltiriladigan vaj, sabablarni kim eshitadi? Janjalga asosiy sabab nima bo‘lgan? Bu masalalar bilan ham ishlashni boshlash kerak. Muammoning asl ildiziga yetish lozim. Sog‘liqni saqlash, bandlik, mahalla mas’ullari bunga e’tibor qaratishi zarur», — dedi u.

Senatorlarning ta’kidlanishicha bundan buyon mas’ul vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari birgalikda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa, bandligi ta’minlanmagan yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning doimiy tahlilini yuritadi, qolaversa, ularning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.