Andijon tumanida 6 nafar erkak tomonidan dala shiyponida zo‘rlanganini aytgan 20 yoshli kelin tuhmat qilganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Noyabrdagi jinoyat ishi appelyatsiyada ham ko‘rib chiqilgan va hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Qoraqalpog‘istonda IIV xodimi tadbirkorning mahsulotini YPX maskanlari orqali Xorazm viloyati hududiga o‘tkazish evaziga pora olgan vaqtda ushlangani aytilmoqda. U sheriklari bilan har bir yuk ortilgan transport vositasiga 3,5 mln so‘mdan so‘ragan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish va pora berish moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.
IIVning ma’lum qilishicha, viza muddati tugagan Afg‘oniston fuqarolari o‘z yurtigi qaytarib yuborilmaydi, chunki jismoniy shaxslar uchun chegaralar hozircha yopiq. Bundan tashqari, vazirlik respublikada bo‘lib turish qoidalarini buzmayotgan xorijliklarning vizalari qoidaga ko‘ra uzaytirilishini qo‘shimcha qildi.
O‘zbekistonning 10 minga yaqin maktablarida o‘tkazilgan ikki kunlik reydlarda 2832 nafar o‘quvchi darslarni sababsiz qoldirgani ma’lum bo‘ldi. XTV xabariga ko‘ra, ularning 507 nafari internet klublarda vaqt o‘tkazayotgani, 338 nafari esa bozorda savdo-sotiq, aravakashlik bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.
O‘zbekistonda Telegram guruhlari va kanallari orqali fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plab, ulardan pul undirish maqsadida foydalanish holatlari kuzatilmoqda. IIV ma’lumotiga ko‘ra, ularning yurituvchilari xorijdan turib faoliyat olib bormoqda va hozircha ushbu kanallarni bloklashning iloji yo‘q. Vazirlik fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda qo‘ymaslikni va begona guruhlarda tarqatmaslikni so‘radi.
Toshkent shahrida metroda 13 yoshli qizga behayo harakatlari uchun qidiruvda bo‘lgan erkak qo‘lga olindi. Fuqaro ilgari bir necha jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan.
Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahrida “Hizb ut-Tahrir” terroristik tashkiloti a’zolari sifatida gumon qilingan shaxslar qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ushbu shaxslar muqaddam mazkur tashkilot safida sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan shaxslar hisoblanadilar. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Farg‘onada yigirmaga yaqin yigitlar ishtirokidagi janjal organ xodimlari tomonidan to‘xtatildi. Voqea joyidan pichoqlar, qilichlar va giyohvandlik vositalari topilgan. 8 nafar shaxs protsessual tartibda ushlanib, 9 nafar shaxslar 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.
DXX va IIV tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin faoliyat olib borayotgan «jihodchilar» oqimi a’zolarining 10 nafari qo‘lga olindi. Ular «jihod» maqsadida Suriyaga ketmoqchi bo‘lganligi aytilmoqda.
Mo‘ynoq tumanidagi “Orol” stadionida tumanning “Mo‘ynoq siti” va “Jayxun” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda kelishmovchilik kelib chiqqan va bosh hakam qaroridan norozi bo‘lgan ayrim tomoshabinlar maydonga chiqib ketgan. Holat yuzasidan ichki ishlar organlari surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Namangan shahridagi oilaviy poliklinikada fuqaro noto‘g‘ri tashxis qo‘yganlikda shifokorni ayblab, u bilan mushtlashib ketgan. Shifokorning yuz, bosh va qo‘l qismiga jarohatlar yetkazilgan. «Bezorilik» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Karantin tadbirlari boshlangandan beri O‘zbekiston bo‘ylab 1 mln 184 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlangan. Ulardan 1 mlndan ortig‘ida jarima belgilangan. Tibbiy niqob taqmaganlik bo‘yicha 1,1 mlntadan ortiq qoidabuzarlik holatlari qayd etilgan.
Andijon shahar deputati Jahongir Jiyanov IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani haqida xabar berdi. Bosh prokuratura Andijon shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi. IIV matbuot kotibi esa fuqaroga IIB xodimlari tomonidan jarohat yetkazilganini rad etdi. Xabar berilishicha, fuqaro ertalab tez tibbiy yordam bo‘limiga IIO xodimlari tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha murojaat etgan. Hozirda fuqaro jarohatni qayerda olganligi bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistondagi zo‘ravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasiga mamlakatda qiynoqqa solish, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyatlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotni berishdan bosh tortdi. “So‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblaymiz”, — deyiladi IIV javobida.
IIV Andijonda 5 oylik kelinning zo‘rlangani holati bo‘yicha tergov harakatlari davomida aniqlangan ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, «ayol ayrim shaxslar majbur qilgani uchun ilojsizlikdan yolg‘on ko‘rsatma berganini aytgan». Sud tibbiy ekspertizasi esa jabrlanuvchi badanida zo‘rlik alomatlari yo‘qligini aniqlagan. Jinoyat ishining olti nafar gumondorga tegishli qismi tugatiladi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ichki ishlar organlari «soqol» tadbirini o‘tkazayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Internetda IIO xodimlariga soqol qo‘ygan fuqarolarni aniqlash va ularni soqol olishdan oldin va keyin suratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar aytilgan audioyozuv tarqaldi.
Azizbek Ikramov Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — kadrlar bilan ishlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari B.Abdullayev IIV jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.
Payariq tumanida fuqaro o‘z xonadonida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yin tashkil etgani aniqlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi bilan ish ochilib, u protsessual tartibda ushlandi.
Aprel oxiriga qadar Jamoat xavfsizligi konsepsiyasining tasdiqlanishi kutilmoqda. Hujjatda patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va probatsiya xizmatlari bo‘linmalarining o‘zaro hamkorlikda ishlashi bo‘yicha yangi mexanizmlarni belgilash ko‘zda tutiladi.
AOKA va Ichki ishlar vazirligi narkotik moddalar reklamasi haqida xabar berish mumkin bo‘lgan Telegram-botni ishga tushirdi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning uchta tumanida «bu kabi reklamalar ko‘payib ketgani» haqida xabar tarqalgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting