Ichki ishlar vazirligi YPX xodimi suratini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlash bo‘yicha taklifni bildirmoqda. Tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 14 martdan 29 martga qadar jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi [975-son] qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomning 19-bandi quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda:

«YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirmaslik».

Mazkur o‘zgartishlarga prezidentining «Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 8 fevraldagi [PQ-118-son] qarori asos qilib olingan.

Biroq, prezidentning mazkur qarori hozirgacha qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz sayti, Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram-kanali yoki O‘zbekiston axborot agentligida ham e’lon qilinmagan.

Jamoatchilik munosabati

Mazkur xabar tarqalgach, O‘zbekistonda jamoatchilik vakillari o‘zining munosabatini bildira boshladi.

Jumladan, Davletovuz`ning yozishicha, «bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam».

«YPX xodimi budjetdan maosh olib, xalqqa xizmat ko‘rsatadi. Uni uyida, ishdan bo‘sh vaqtida kimdir rasmga olsa noqonuniy, lekin xizmat vaqtida, ayniqsa, qonunni buzayotgan payti tasvirga olish va uni tarqatishni taqiqlash jamoatchilik nazoratiga, shaffoflikka qarshi qadam. Undan ko‘ra YPX o‘z safini professional, halol kadrlar bilan to‘ldirsin, toki ularga hech qanaqa kamera xavf bo‘lmaydi, ochiqlikdan qo‘rqmaydi. Bu holat esa jamoatchilik ko‘zidan qochishga urinishdan boshqa narsa emas», — degan fikrda bloger.

Bloger Nurbek Alimov esa «bu hujjat qabul qilinadigan bo‘lsa, jamoatchilik nazorati yo‘qoladi» degan fikrda.

Hech kim hech narsani isbotlay olmay qoladi. Xodimni qonun buzganini kimdir videoga olib tarqatsa, o‘sha videoni tarqatgan odamni o‘zi javobgarlikka tortilib ketishi absurd. Keyin ha, yo‘lda xodimni shantaj qilish, ustidan kulish kabi ishlar ham bo‘ladi, ammo o‘shalarni ham jamoatchilikni o‘zi bir necha martta «savaladi». Voydod musulmonlar yordam beringlar deb baqirib chiqqan bratni yoki «zamministrni ikkinchi xotini» bo‘lgan opalarni birorta odam internetda yonini olganini ko‘rmadim. Xalq yaxshi va yomonni ajrata oladi", — dedi u.

Blogerning qo‘shimcha qilishicha, «bu asos bo‘la olmaydi». «Agar shu asos bo‘ladigan bo‘lsa yana o‘sha birovga yaxshilik qilmaslik keysiga va aholi oshxonalaridan pichoqlarni yo‘qotishga qaytishimiz kerak. Bilib bo‘lmaydi pichoq bilan odam o‘ldirish mumkin, osh qilish mumkinligi esa qiziqmas. Gugurtni ham tortib olishni unutmanglar. Olov yomon», — deya kinoya qildi u.

Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa mazkur holatga huquqiy nuqtai nazardan e’tibor qaratdi.

«Bu yerda cheklov faqat qonun bilan bo‘lishi kerak, Vazirlar Mahkamasining bunga vakolati ham, huquqi ham yo‘q. Nahotki loyiha mualliflarining shunga aqli yetmagan?», — deydi u.

«YPX inspektorining va o‘zi umuman boshqa istalgan davlat xizmatchisining ishdan tashqaridagi shaxsiy hayoti qonun bilan himoya qilinadi, bunda albatta rozilik shart. Ammo o‘z vazifasini bajarayotganda cheklashga urinish — bu orqaga qaytish degani», — dedi bloger.

«Bu xuddi bolaligimizdagi bir voqeani eslatadi. Mabodo koptokning egasi futbolda yutqazib qo‘yaversa, alami kelganidan koptogini uyga olib ketib qolardi. Undan ko‘ra, yaxshiroq o‘ynashni o‘rgan, shunda yutqazmaysan, deyish befoyda edi. Ichki ishlar vazirligi ham o‘zicha videolardan arazlab, qaror yo‘li bilan buni taqiqlashga urinmoqda», — degan fikrda huquqshunos.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunaqasi ilgari ham bo‘lgan. «Haydovchilarga orqa yon oynaga parda taqishni noqonuniy taqiqlagan vazirlik hamda o‘sha paytdagi YHXBB sudlarda ketma-ket yutqazgandan so‘ng, nohaqligini tan olish o‘rniga, sekingina imi-jimida o‘zlarining foydasi uchun qonunga o‘zgartirish kiritib olmoqchi bo‘lishgandi. Bu haqda mana bu yerda yozganman. Lekin xayriyat o‘shanda ularning bu nomardlarcha „yurishi“ o‘xshamay qolgandi», — dedi u.

«Yetar endi. Qachondir tugashi kerakku bunaqa ishlar. Hadeb orqaga qaytaveramizmi? Nahotki ichki ishlar tizimini xalqning haqiqiy madadkori va do‘stiga aylantirishning boshqa birorta yo‘li yo‘q bo‘lsa?», — deya savol bilan yuzlandi Xushnudbek.

Avvalroq, mazkur holatga Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham «xalqdan nimadir talab qilishdan avval inson o‘zi xalqqa namuna bo‘lishi kerak» deya munosabat bildirgandi. «Buni prezident topshirig‘i, deya talqin qilmoqda. Lekin bizningcha bu ko‘proq vazirlikning xohishi, balki Bekmurod Abdullayev janoblarining o‘zi istayapti… Albatta biz bu kabi demokratiyaga zid, jamoatchilik nazoratini cheklaydigan qonunlar qabul qilinishiga qarshimiz», — degandi u.

Eslatib o‘tamiz, ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov mazkur taklif ishlab chiqilishidan oldinroq, taqiq bo‘lmasligini aytgandi. «Ushbu taklif ishlab chiqilgach, loyiha shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, hamma bu borada o‘zining fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Shunda ham to‘liq taqiq bo‘lmaydi, lekin qandaydir chegaralar qo‘yiladi», — degandi u.