3 fevral kuni haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent imtihon markazi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Poytaxtning Yangihayot tumanida joylashgan mazkur imtihon markazi — haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihon o‘tkaziladigan O‘zbekistondagi ilk avtomatlashtirilgan imtihon majmuasi sanaladi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev bunday markazlarda imtihonlar to‘liq inson omilidan holi tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishini ta’kidladi. «Bu esa haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi jarayonidagi korrupsion holatlarga chek qo‘yadi».

«Endi tasavvur qiling, agar imtihon tizimi shaffof va adolatli bo‘lsa, faqat o‘qigan va yetarli malakaga ega bo‘lgan fuqarolargina haydovchilik guvohnomasini olsa-yu, qolganlar yoppasiga imtihondan yiqilishni boshlasa, bu bizga nima beradi? Birinchidan, bu teskari zanjir reaksiyasini hosil qiladi va avtomaktablardagi ta’lim sifati oshishiga olib keladi. Chunki hozir avtomaktablar asosan narxning arzon va qimmatligi bo‘yicha raqobatlashib qolgan, xolos. Ko‘pchilik fuqarolarni ham, avtomaktablar ma’muriyatini ham ta’lim sifati unchalik o‘ylantirmay qo‘ygan. Lekin endilikda imtihondan pul, tanish-bilish orqali topshirishning imkonini qila olmagach, o‘z-o‘zidan o‘qishga majbur bo‘ladi, mas’uliyatsiz avtomaktablar esa yoki ishini yig‘ishtiradi, yoki va nihoyat sifatli ta’lim berishni boshlaydi», — dedi Abdullayev.

IIV vakili faqat yetarli bilim va malakaga ega haydovchilarga guvohnoma berilishni boshlagach, yo‘llarda ham haydovchilik madaniyati oshishi, yo‘l-transport hodisalari kamayishiga ishonch bildirdi.

«Endi puli yoki tanishi borlar emas, faqat bilimi borlargina rulga o‘tiradi, yo‘lga chiqadi va biz bundan boshqasiga rozi emasmiz va bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz», — dedi u.

Bekmurod Abdullayev imtihon jarayonlari qat’iy nazorat ostida, inson omilidan holi tarzda olinishi boshlangach, imtihondan yiqiluvchilar soni va bundan norozilar soni ko‘p bo‘lishi tabiiyligini ta’kidladi.

«Hozir ko‘p avtomaktablarimizda bilim berish sifati past, bundan tashqari, ming afsuslar bo‘lsin-ki, o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasini olish mumkin ekanligi xalqimizning ongiga singib ketgan va insonlarning dunyoqarashini birdaniga o‘zgartirish ham qiyin masala. Ko‘pchilik o‘qish o‘rniga tanish qidirishi ham ayni haqiqat. Bu kabi imtihon markazlari ish boshlagandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda imtihondan yiqilganlar (tomonidan) e’tirozli holatlar ko‘payishi, qolaversa, inson omilidan holi tizimning yo‘lga qo‘yilishi, ayniqsa, eski tizimdan manfaatdor ayrim insonlarga yoqmasligi tabiiy, ammo biz bunga ruhan tayyormiz. Yangi imtihon markazlari bo‘yicha har qanaqa asosli e’tiroz va tanqidlar bo‘lsa, biz buni to‘g‘ri qabul qilamiz hamda xalqimizga, jurnalistlarga, blogerlarga doim ochiqmiz», — deya xulosa qildi IIV vakili.

Ta’kidlanishicha, 2022−2023 yillarda O‘zbekistonning barcha hududlarida haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihon o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan imtihon markazlari quriladi va o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 26 yanvar kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgan edi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning o‘zida yo‘llarda 2000ga yaqin inson halok bo‘lgan. Prezident haydovchilarni tayyorlash hamda imtihon tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.