O‘zbekistonda ov quroliga egalik qilishning eng kam yoshini 21 yoshdan 25 yoshgacha oshirish taklifi bildirildi. Bu 8 fevral kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Bekmurod Abdullayevning ta’kidlashicha, respublikada qurol muomalasi sohasida litsenziya va ruxsatnomalarni berish, ularni nazorat qilish funksiyalarini yagona davlat organiga o‘tkazish zaruriyati ushbu qonun loyihasini qabul qilishga asos bo‘lgan.

Amaldagi «Qurol to‘g‘risidagi qonun»da fuqarolar va xizmat quroli hamda o‘q dorilar sohasida litsenziyalash va ruxsatnomalar berish vakolati — Milliy gvardiya organlariga, fuqarolik va xizmat quroli hamda o‘q dorilarni saqlash qoidalariga rioya qilish ustidan nazorat qilish, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha chora ko‘rish vazifasi esa ichki ishlar organlariga yuklatilgan.

«Qurol to‘g‘risidagi qonun» qabul qilingach, o‘qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, uloqtirish quroli va elektroshoker qurollariga egalik qilishga ruxsat berilgan.

Amaldagi Ma’muriy javobgarik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslarida o‘qotar qurolni saqlash qoidalariga rioya qilinishi, shuningdek, noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik belgilangan.

Ammo yuqorida sanab o‘tilgan o‘qotar bo‘lmagan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun qonunchilikda javobgarlik mavjud emas. Bu holat esa ayrim shaxslar, ayniqsa yoshlar orasida qator qonunbuzarliklar sodir etilishiga olib kelmoqda.

Vazir o‘rinbosari shu o‘rinda, 1990 yilda tug‘ilgan O. tanishi X. bilan kelishmay qolishi oqibatida yonida bo‘lgan pnevmatik qurol bilan X.ning turli joylariga 5−6 marotaba o‘q uzib tan jarohati yetkazganini misol qilib keltirdi. Shuningdek, joriy yil 20 yanvar kuni 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi S. A. ismli haydovchi bilan og‘zaki janjallashib qolishi natijasida S. A.ning avtomashinasiga qarata o‘q uzgan.

«Pnevmatik quroldan foydalanish holatlari kupayib bormoqda. Fuqarolarning sog‘lig‘i va hayotini muhofaza qilish hamda jamoatchilik xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha turdagi qurolning saqlanishi, olib yurilishi va ulardan foydalanish uslubi ustidan ta’sirchan nazorat tizimi o‘rnatilishini talab etmoqda», — dedi Bekmurod Abdullayev.

IIV vakili shuningdek, chet davlatlarda sodir etilgan shov-shuvli jinoyatlar, xususan, Qrim, AQShning Kolorado shtati, Qozon shahri, Rossiyaning Perm davlat universitetida ro‘y bergan otishmalarni misol tariqasida keltirib o‘tdi.

«O‘zbekistonda ham [bu singari jinoyatlar] sodir etilishini oldini olish maqsadida fuqarolik quroliga egalik qilish mezonlarini tubdan ko‘rib chiqish lozim. Sababi ushbu hodisalarda qonuniy ravishda ruxsatnoma berilgan yarim avtomatik o‘q quroli bilan qurollanib, ta’lim muassasalarida sodir etilgan mudhish jinoyatlar oqibatida ko‘plab o‘quvchi va o‘qituvchilar bevaqt vafot etgan», — deya xulosa qildi vazir o‘rinbosari.

Yuqoridagi holatlarni e’tiborga olgan holda sohada mavjud muammo va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida loyihada quyidagi o‘zgarishlar taklif etilmoqda:

  • fuqaroviy va xizmat quroli hamda o‘q dorilar muomalasi sohasini tartibga solish va nazorat qilish vazifalarini milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazish;
  • Qurol to‘g‘risidagi qonunga binoan o‘qotar qurol (uning o‘q dorilaridan tashqari)ning asosiy qismini boshqa o‘qotar bo‘lmagan qurol va uning o‘q dorilari bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lganlik yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganligi uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni belgilash;
  • qurol egalari va ularning yaqin qarindoshlari tibbiy cheklovlar bo‘yicha davriy tekshirish tartibini belgilash, shuningdek qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlari ro‘yxatlarini tasdiqlash;
  • amaldagi qonunlarda qurol muomalasiga doir tushunchalarni qurol to‘g‘risidagi qonunga muvofiqlashtirish;
  • ov quroliga egalik qilishning eng kam yoshini 21 yoshdan 25 yoshgacha oshirish;
  • tuzilishi qayta o‘qlanmasdan uzluksiz o‘t ochish imkonini beruvchi silliq stvolli yarim avtomatik o‘qotar ov qurollarini soyli (nareznoy) stvolli ov quroliga tenglashtirish;
  • g‘ayriqonuniy maqsadlarda ma’lum texnik ko‘nikmalar yordamida qayta jangovar holatga keltirilishi mumkin bo‘lgan o‘quv va vazn paxtavon gabaritli qurollarning muomalasini ta’qiqlash;
  • barcha turdagi pnevmatik qurolga egalik qilishni faqat ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi orqali amalga oshirish hamda fuqaro egaligida bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday qurollar sonini uch dona bilan chegaralash;
  • fukaroviy ov quroli magazinining ruxsat etilgan sig‘imini 10 donadan besh donaga kamaytirish.

Ta’kidlanishicha, mazkur hujjat loyihasini tayyorlashda Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya kabi davlatlarning qonunlari o‘rganilgan.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.