O‘zbekiston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev haydovchining qoida buzishi 12 ballga yetsa, u haydovchilik huquqidan mahrum etilishiga oid tartib nima sabab bundan 3 yil oldin, 2018 yildayoq amaliyotga joriy etilmaganiga izoh berdi.

U bunga juma kuni jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida to‘xtaldi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«11 fevral kuni prezidentimiz topshiriq berdilar, ballik tizim yaratiladi, har bir haydovchi baholanadi. Uni hozir belgilaymiz, 12 ball bo‘ladimi, 20 ball bo‘ladimi, shu ballga yetib borganidan so‘ng, u avtomatik tarzda haydovchilik guvohnomasidan kamida 1 yilga mahrum bo‘ladi. Qaytadan [imtihon] sinov topshirib, keyin haydovchilik guvohnomasini olish huquqiga ega bo‘ladi. Menimcha bu haydovchilarimizni o‘ylantirib qo‘ysa kerak», — dedi u.

Qolaversa, u mazkur tizim bilan jarimani to‘lab, yana qoidabuzarlikni davom ettirayotganlarga chora ko‘rilishini aytdi.

«Bu bilan qonunni buzaman, pulini to‘lab yuraveraman degan haydovchilarimizga juda qattiq zarba bo‘ladi. Prezidentimiz selektorda aytganidek, 133 marta yo‘l harakati qoidasini buzib, harakatlangan haydovchilarimiz ham ming afsuski bor».

Ma’lumot o‘rnida 2018 yilning may oyida qabul qilingan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiyada haydovchilar uchun 12 ballik tizimni joriy etish rejalashtirilgandi. Tegishli hujjat loyihasini esa 2019 yilning fevraligacha ishlab chiqish ko‘zda tutilgandi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari mazkur tizim nima sababdan o‘shandayoq yo‘lga qo‘yilmaganini tushuntirishga harakat qildi.

«Endi buni o‘zini sabablari bor. U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir. Mana endi buni yaqin kunlarda joriy qilamiz, bu o‘zini samarasini beradi», — dedi Bekmurod Abdullayev.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida haydovchilarni baholash tizimi bo‘yicha yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishini ma’lum qildi. «Qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchilarga esa bonus ballari hisoblab boriladi», — dedi u.