Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand hamda Namangan viloyatlarida ichki ishlar xodimlarining fuqarolar bilan kelishmovchiliklari aks etgan videolar tarqaldi. Xodimlar fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringan bo‘lishi mumkin, tasvirlarda buni tasdiqlovchi holatlar aks etgan.

Samarqand viloyatidagi holatda ichki ishlar xodimi o‘zi pogonini yulib tashlagan, buning uchun esa ayol kishi javobgarlikka tortilgan, deb yozadi O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati. Voqea 2021 yilda sodir bo‘lgan, unga tegishli video esa sud yakunidan so‘ng e’lon qilinmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudi sudyasi K.Pansatovning 4 martdagi hukmiga ko‘ra, fuqaro Sh. J. Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan aybdor deb topilgan.

Tergov xulosasiga ko‘ra, 2021 yilning 6 iyul kuni Sh. J. Qo‘shrabot tuman prokuraturasi binosiga noqonuniy ravishda kirgan va o‘zining qarindoshiga tegishli ish bo‘yicha tergov jarayoniga halaqit qilgan. Shundan so‘ng tuman prokuraturasi tergovchisi A.Xakberdiyev ichki ishlar xodimlarini jamoat tartibini saqlash uchun chaqirgan.

Chaqiruvga ko‘ra, binoga tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari, aynan profilaktika inspektorlari F.Radjabov, A.Babaqulov va M.Sharipov kelgan, ayollarga tushuntirishga va jamoat tartibini saqlashga harakat qilgan.

Sud hukmida keltirilishicha, ayblanuvchi Sh. J. ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan, ularni haqorat qilgan, shuningdek, profilaktika inspektori F.Radjabovaning xizmat kiyimidan pogonini yirtib tashlagan. Ish materiallarida dalil sifatida xodimning xizmat kiyimlari, voqea tasvirlangan disk, shuningdek guvohlarning bayonotlari mavjud bo‘lgan.

JIB Samarqand viloyati sudi sudyalari O.Nabiyev, X.Yarashov va A.Xolboyev ishtirokida apellyatsiya instansiyasida ko‘rilgan ish yakunida sudlanuvchi Sh. J.ni yuqoridagi jinoyatni sodir etgan deb topdi va birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.

«Ezgulik» jamiyatining Samarqand viloyati bo‘limi sudlanuvchi tomonidan taqdim etilgan sud ishi materiallarini o‘rganib chiqib, tergov va sud ishini yuritish qonunga zid ravishda olib borilgan degan xulosaga keldi.

«Prokuratura tergov organlari ham, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ham jinoyat ishining barcha holatlariga to‘liq huquqiy baho bermadi, shuningdek ishda mavjud bo‘lgan ashyoviy dalillarni ochiqdan-ochiq e’tiborsiz qoldirdi. Xususan, hech qanday uskunasiz ikki ayol qanday qilib tuman prokuraturasining qo‘riqlanadigan binosiga mustaqil ravishda kira olgani baholanmagan», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, quyidagi savollarga javob berilmagan: Prokuratura binosini qo‘riqlash va unda jamoat tartibini saqlash vazifasi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimlari voqea yuz bergan vaqtda qayerda bo‘lgan? Tergovchi A.Xakberdiyev nimaga eshik oldida Milliy Gvardiya xodimlari turganida jamoat tartibini saqlashga ichki ishlar bo‘limi xodimlarini chaqirgan?


«Bundan tashqari, ishga oid materiallardagi video yozuvlarida ishchi ishlar xodimi profilaktika inspektori F.Radjabov shaxsan o‘zi pogonini yulib olib, bunda ayolni ayblayotgani aniq-tiniq ko‘rinib turibdi. Videoda o‘sha vaqtda ayolning chap qo‘li sumkasini ushlab turganini, o‘ng qo‘lini esa ichki ishlar xodimi ushlab turganini ko‘rish mumkin», — deyiladi «Ezgulik» jamiyati xabarida.

Ushbu holatlarni inobatga olgan holda «Ezgulik» jamiyati — birinchi va apellyatsiya instansiyalari sudyalarining hukmi adolatsizligi, sudyalarning xatti-harakatlarida esa JKning 231-moddasida (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) nazarda tutilganidek, aybsiz shaxsni qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortish alomatlari mavjud degan xulosaga keldi.

Bundan tashqari, profilaktika inspektori F.Radjabovning xatti-harakatlarida JKning 237-moddasi (Yolg‘on xabar berish) va 238-moddasida (Yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bor. F.Radjabov o‘ziga tegishli xizmat formasidagi, o‘z rahbariyati tomonidan berilgan pogonini yulib tashlash orqali fuqarolik burchini sharaf bilan bajargan va bajarishda davom etayotgan ichki ishlar xodimlarining qadr-qimmatini haqorat qildi, deb hisoblaydi jamiyat.

«Ezgulik» jamiyati Ombudsman hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasidan ushbu vaziyatga e’tibor qaratishni hamda aslida jabrlanuvchi hisoblangan ayolning huquq va manfaatlarini himoya qilishni so‘raydi.

Shuningdek, Oliy sud va Bosh prokuraturadan sudlar, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatiga huquqiy baho berish so‘ralmoqda.

«Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida Samarqanddagi bunday hodisalarda ayblangan xodimlarning munosib jazo olishiga ishonmasligini qayd etdi. «Chunki asl vaziyatni hamma ko‘rib turibdi. Bunday yuzsizlikka ko‘nikib ham qoldik», — dedi u.

«Ammo o‘tgan oyda jamoatchilik muhokamasiga chiqqan YPX xodimlarini tasvirga olishning ta’qiqlanishi haqidagi normalarning amalga kiritilishi bilan bog‘liq jarayon jamiyat ravnaqi yo‘lidagi to‘siq sifatida jiddiy signaldir. Katta ehtimol bilan bu norma qabul qilinadi. Bosh prokuror o‘rinbosari [Svetlana] Artikova bu borada rasmiylarning pozitsiyasini ochiqlab bo‘ldi», — deb yozdi u.

U shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar xodimlari faoliyatini shaffoflashtirish maqsadida bodi-kameralar bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan bir vaqtda, «uning qo‘l ostida xizmat qilayotganlar islohotlarga bolta urayotganini» ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida butun dunyoda amaldorlarni juda alohida bo‘lmagan sharoitlarda tasvirga olish ta’qiqlanmagan, ammo O‘zbekistonda buni joriy qilishmoqchi.

«Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga start berilgan shu kunlarda shaffoflik va jamiyatni demokratlashtirish masalasi jiddiy huquqiy asoslar bilan mustahkamlanishi kerak. Ijtimoiy tarmoq faollari bu masalada befarq bo‘lmasalar yaxshi bo‘lardi. Aks holda, pogonlarini yulib, bizni aybdor qilishda davom etaverishadi», — degan fikrda u.

Namangandagi holat esa 18 may kuni sodir bo‘lgan. Tarqalgan videoda YPX xodimi haydovchidan masofa saqlashni so‘ragani va uning avtomobili eshigi oldiga turib olganini ko‘rish mumkin.

Shu vaqtda inspektor «yaqinlashma» deya ogohlantiradi, haydovchi yaqin kelganida esa unga boshi bilan urilib ketgandek vaziyatni yuzaga keltirgan. Shundan keyin: «Moshinani oldida urma meni. Nimaga meni urgani kelayapsan», deya ovozini balandlatib gapirgan. Haydovchi esa inspektorning o‘zi uni boshi bilan urganini va mashinasiga esa hujjatlarini olish uchun yaqinlashganini aytgan.

YPX inspektori haydovchiga kalla qo‘yayotgan payt. Videodan lavha.

Mazkur holat bo‘yicha Namangan viloyati IIBB Axborot xizmati izoh berdi. Islom Karimov ko‘chasiga tungi xizmatga jalb etilgan YPX inspektori S.Axrolov tomonidan 01W741SB davlat raqam belgili avtomashinasini old va orqa oynalarini qoraytirib olganligi sababli hujjatlarini tekshirish maqsadida to‘xtatilgan.

«Ushbu avtomashina haydovchisi avtomashinaga tegishli bo‘lgan hujjatlarni taqdim qilgan va avtomashinani old va orqa oynalari yorug‘lik o‘tkazuvchanligini o‘lchovchi moslama yordamida o‘lchab ko‘rildi. Old oynasi 51 foiz va orqa oynalari 100 foiz ekanligi ko‘rilib, haydovchiga ruxsat berilgan», — deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xodim bilan bog‘liq videolar bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.

«Gazeta.uz» yuqoridagi holatlar yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borish va huquqiy baho berishni so‘rab Oliy sud, Bosh prokuratura hamda IIVga so‘rov yubordi.