Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ichki ishlar xodimlarini videoga olib, uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga joylaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash kutilayotganini ma’lum qildi.

U bu haqda juma kuni Senatda bo‘lib o‘tgan Parlament komissiyasi yig‘ilishidan so‘ng, jurnalistlar bilan suhbat vaqtida aytdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Kuni kecha (17 fevral, payshanba kuni nazarda tutilmoqda — tahr.) hurmatli prezidentimizning [PQ-118-son] ichki ishlar idoralari xodimlarini ijtimoiy himoyasini takomillashtirish bo‘yicha qarorga qo‘l qo‘ydilar. Unda topshiriq o‘tgan, aynan shu xizmat vazifasini bajarish jarayonidagi xodimlarni video suratga olgandan so‘ng, uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga chiqarishga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilanadi», — dedi Bekmurod Abdullayev.

Biroq, davlat rahbarining PQ-118-son qarori hozirgacha qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz sayti, Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram-kanali yoki O‘zbekiston axborot agentligida ham e’lon qilinmagan.

Kun.uz`ning yozishicha, IIV matbuot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov prezident imzolagan 118-sonli qarorda shu haqda vazifa yuklatilganini tasdiqlagan.

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

«Xodimlarni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlik uchun hali ma’muriy javobgarlik belgilangani yo‘q… Prezident selektorida ham ushbu masala ko‘tarilgandi. Davlat rahbari qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha vazirimizga topshiriq berganlar. Ushbu taklif ishlab chiqilgach, loyiha shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, hamma bu borada o‘zining fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Shunda ham to‘liq taqiq bo‘lmaydi, lekin qandaydir chegaralar qo‘yiladi», — dedi Shoxruh G‘iyosov.

U shuningdek, ayni paytda davlat xizmatchilarini, jumladan, ichki ishlar xodimlarini videoga olish qonunan taqiqlanmagani, davlat rahbarining topshirig‘iga binoan qonunchilikka kiritiladigan o‘zgarishlarda bu borada kuzatilayotgan muammolar tartibga solinishini qo‘shimcha qilgan.

«O‘sha paytda aytgan so‘zlarim hozir ham kuchida. Ayni paytdagi qonunchilikka ko‘ra, jamoatchilik nazorati instrumenti sifatida davlat xizmatchilarini bemalol tasvirga olib, tarqatish mumkin. Bugungi kunda bu borada hech qanday muammo yo‘q. Hozir ham bu me’yor o‘z kuchida», — dedi u.

«Vazir o‘rinbosari [Bekmurod Abdullayev] xodimlarni videoga olib tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi mumkinligini aytganda «ularning ruxsatisiz» deb aytgan edi. Internetga tarqatish uchun xodimning ruxsati talab etiladi. Masalan, biz jurnalist va blogerlarga bir narsani e’lon qilishdan oldin bizdan izoh olishini, qaysidir holatni noto‘g‘ri talqin qilish orqali asossiz ma’lumot tarqatgan bo‘lib qolishlari mumkinligini, buning uchun esa javobgarlik borligini doim aytib kelamiz, — dedi Shoxruh G‘iyosov.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar ichki ishlar xodimlari bilan qandaydir nizoli vaziyat yuzaga kelganida yoxud ular xizmat vakolatidan tashqariga chiqqanida, o‘zlari uchun jarayonni videotasvirga olishlari mumkin. «Hali bu jarayon endi boshlandi, bu bo‘yicha hujjat ishlab chiqilgani yo‘q. Ishlab chiqilgach, u muhokamaga qo‘yiladi. Shunda ham butunlay taqiqlash yo‘lidan borilmaydi. Ammo sohadagi mavjud muammolardan kelib chiqib xodimlarni videoga olish va tarqatish jarayoni qonun bilan tartibga solinadi», — dedi IIV rasmiy vakili.

Mazkur xabarga Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham munosabat bildirdi.

«Buni Prezident topshirig‘i, deya talqin qilmoqda. Lekin bizningcha bu ko‘proq vazirlikning xohishi, balki Bekmurod Abdullayev janoblarining o‘zi istayapti. Ularning istagi ayni vaqtda mantiqsiz, tenglik va demokratiya tamoyillariga zid hisoblanadi. Chunki, ichki ishlar tizimi xodimlari birovning to‘shagiga qadar kirib videoga olib, internetga tarqatganda yoki o‘zlariga yoqmagan blogerni ushlab butun internetda „gey“ qilib ko‘satishga intilganda ham ular qonun oldida javob berganini ko‘rmadik», — deya ta’kidladi u.

U IIVning xatti-harakatlari chegaradan o‘tib ketayotganini tanqid qildi.

«Tizim o‘z xodimlarining «buzuq» va noqonuniy harakatlariga ko‘z yumib kelayotgan bir vaqtda biz fuqarolarning biror bir ichki ishlar vakilining to‘shagigacha kamera (sobiq deputat Feruza Babasheva bilan bog‘liq holat nazarda tutilmoqda — tahr.) bilan kirgani yoki xodimni «gey»ga chiqarganini ham ko‘rmadik. Balki tasvirga olib tarqatish masalasida cheklovni ichki ishlar o‘z tizimida kuchaytirishni o‘ylab ko‘rar. Chunki ularniki chegaradan o‘tib ketmoqda», — dedi Rasul Kusherbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «xalqdan nimadir talab qilishdan avval inson o‘zi xalqqa namuna bo‘lishi kerak».

«Albatta biz bu kabi demokratiyaga zid, jamoatchilik nazoratini cheklaydigan qonunlar qabul qilinishiga qarshimiz», — deya qo‘shimcha qildi deputat.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga oid yig‘ilish o‘tkazgandi. Unda davlat rahbari yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi.