DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda «Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»ning ikki nafar xodimi pora ustida qo‘lga olindi, deb xabar berdi O‘zA.

Qayd etilishicha, xodimlar MCHJga qarashli Guliston tumani hududidan o‘tuvchi Sirdaryo o‘zanidan qum-shag‘al qazib olish kareriga:

  • 1600 kVt kuchlanishga ega bo‘lgan 1 dona elektr transformatori;
  • 100 dona beton simyog‘och;
  • 17,5 kmga yetadigan yuqori kuchlanishli elektr simlari va boshqa ehtiyot qismlarni tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan, ulab berishini va’da qilgan.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, gumondorlar uskunalarni «Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» hisobidan chiqarib berish va sohaga tegishli idoradan ushbu ulanadigan elektr tarmog‘iga texnik shartlarda qayd etilgan talab asosida ijobiy xulosa olib berishni ko‘zlagan.

Ular mazkur xizmati evaziga MCHJ rahbaridan 510 mln so‘m (MBning 3 iyundagi kursiga ko‘ra: 46 389 dollar) va 5 ming AQSh dollari talab qilishganligi aytilmoqda.

Tezkor tadbir vaqtida dastlab «Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»ning Davlat va shartnomaviy xizmatlar ko‘rsatish va rivojlantirish xizmati xodimi kelishilgan mablag‘dan 300 mln so‘mi va 5 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirildi. U 5 ming dollarni sherigi — korxonaning mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati xodimiga bergan vaqtida u ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.