Turli ijtimoiy tarmoqlar va olx.uz saytida arzon kvartira ijaraga beraman deb, fuqarodan pul o‘zlashtirganlikda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar berdi IIV Kiberxavfsizlik markazi.

Xabarga ko‘ra, 17 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.I. Toshkent shahrida ijaraga yashash uchun xonadon qidirganida, olx.uz sayti va Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi bir nechta guruhlarda aynan bitta xonadon mavjudligini ko‘radi va darhol ushbu e’lon egasi bilan aloqaga chiqadi.

E’lon egasi xonadon bir-ikki kun ichida bo‘shashini, ungacha avans tariqasida bank plastik kartasiga 500 000 so‘m tashlab berishi kerakligi, aks holda ushbu xonadonni boshqa kishiga berib yuborishini aytadi.

J.I. xonadondan ajralib qolmaslik uchun so‘ralgan miqdordagi pul mablag‘ini bank plastik kartasiga o‘tkazib beradi. Shundan so‘ng u noma’lum shaxs bilan boshqa bog‘lana olmaydi va aldanganligini tushunib, ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.

IIV TQHB Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida mazkur jinoyat Toshkent shahri Chilonzor tumanida 1994 yilda tug‘ilgan R.A. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Hozirgi kunda R.A ning boshqa jinoyatlari ustida surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

IIV matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2021 yilda kompyuter texnikasi orqali sodir etilgan firibgarlik holatlari soni 2700 dan ortiqni tashkil etgan.