Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va Buxoro viloyatida noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq holatlar aniqladi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIV hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda aniqlandi.

Qoraqalpog‘istondagi holatda fuqarolar R.D. va A.A.lar boshqa bir fuqaro A.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari orqali Nukus shahar, «Jana bazar» OFY hududida joylashgan 0,5 gektar bo‘sh yer maydonini rasmiylashtirib berishini va’da qilganligi aytilmoqda. Buning evaziga 47 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent shahridagi vaziyat esa Olmazor tumanida sodir bo‘ldi. muqaddam sudlangan fuqaro O.R. o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan boshqa bir fuqaro F.ning ishonchiga kirib, unga Yunusobod tumani «Xasanboy» MFYdan 6 sotix bo‘sh yer maydonini kadastr bo‘limda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishiga ishontirgan. Buning evaziga 14 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan, deyiladi xabarda.

Buxoro shahrida fuqaro N.G. boshqa bir fuqaro B.ning ishonchiga kirib, unga «M.Tarobiy» MFY hududida joylashgan zaxiradagi 4 sotix yer maydonini olib berishini aytgan. U hujjatlarni go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishini va’da qilganligi aytilmoqda. Buning evaziga esa oldindan kelishilgan 9 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga tushirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.