18 fevral kuni Senatda Baqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Unda asosiy e’tibor yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va YTHlar oldini olishga qaratildi. Jumladan, O‘zbekistondagi yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun Vision Zero strategiyasini hayotga tadbiq etish rejalashtirilmoqda.

Foto: Abdullo Ëdgorov / «Gazeta.uz».

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, YTHlar bilan bog‘liq muammolarning oldini olish maqsadida yo‘llarda harakat xavfsizligi yuqori darajada ta’minlangan AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Shvetsiya, Rossiya, Germaniya, BAA, Norvegiya kabi 10 dan ortiq davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqilgan.

«Ayniqsa Shvetsiya davlatida o‘lim bilan bog‘liq YTHlarni oldini olish bo‘yicha yaratilgan tajriba eng samarali ekanligi aniqlanib, bu tajriba yuqorida aytib o‘tilgan ko‘plab davlatlarda tadbiq etilgan. Xususan, 1997 yil joriy etilgan Vision Zero konsepsiyasida asosiy maqsad sifatida o‘lim bilan bog‘liq YTHlar sodir etilishiga umuman yo‘l qo‘ymaslik, ya’ni ularning sonini nol darajaga tushurish belgilangan. Yuqoridagi tajribadan foydalanib, milliy qonunchiligimiz va sharoitimizni inobatga olgan holda Farg‘ona viloyati misolida ravon yo‘l konsepsiyasini ishlab chiqdik», — dedi Bekmurod Abdullayev.

Ta’kidlanishicha, uni amalga oshirish bo‘yicha 2021 yil 11 noyabr kuni IIV va Farg‘ona viloyati hokimiyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Uning ijrosini ta’minlash uchun esa viloyat shtabi va ishchi guruhlari tuzilgan hamda 5 ta yo‘nalishdan iborat asosiy vazifalar belgilab olingan. Qisqa muddatda esa bu o‘z samarasini ko‘rsatgan.

Bekmurod Abdullayev. Foto: Abdullo Ëdgorov / «Gazeta.uz».

«Biz YTHlar salmog‘i Farg‘ona viloyatida ekanligi uchun ham Farg‘onani tanlab olganmiz. Natijada so‘nggi 3 oy ichida umumiy YTHlar 30 foizga, ularda halok bo‘lganlar 21 foizga, jarohatlanganlar 38 foizga kamaydi. Jumladan, piyodalar ishtirokidagi hodisalar 32 foizga, ularda halok bo‘lganlar 28 foizga, jarohatlanganlar sonini 38 foizga kamaytirishga erishildi», — dedi u.

Qolaversa, bolalar ishtirokidagi hodisalar 33 foizga, ularda halok bo‘lganlar 75 foizga, jarohatlangan bolalar soni 18 foizga kamaygani aytildi.

«Hozirda ushbu memorandum Toshkent viloyati, Andijon, Namangan, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari bilan imzolandi va ishlar tashkil etilmoqda», — dedi IIV rahbari o‘rinbosari.

«Avvalambor yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, davlat standartlari bilan bog‘liq holda uni o‘zgartirish bo‘yicha Shvetsiya tajribasini joriy qilayapmiz. Aynan fuqarolarning yo‘llarni belgilangan joyidan o‘tishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Ikkinchidan fuqarolarimizning o‘zidagi madaniyati [shakllantirish], javobgarlik masalalari bo‘yicha hozir taklif kiritganmiz. Hozirda Janubiy Koreya tajribasini o‘rgangan holda (YHX) avtoulovlarimiz «migalka"lariga kamera o‘rnatayapmiz, aynan fuqarolar belgilanmagan joydan o‘tish paytida [suratga oladi va] ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobilga yuborganday jarima qo‘llash masalasi [taklif qilib kiritilgan]», — dedi Bekmurod Abdullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir profilaktik tadbirlar bo‘yicha yangi tizim ishlab chiqilmoqda.

«Barcha YHX xodimlarini mahallalarga biriktiramiz. Biriktirish orqali har bir YTH mahallalarda xodimlar tomonidan muhokama qilinib, og‘ir oqibatlari bo‘yicha doimiy tushuntirish ishlari olib borish [ko‘zda tutilgan]. Undan tashqari, aynan o‘sha mahallada istiqomat qiluvchi fuqaroning qoidabuzarligini ham YHX xodimi, ham profilaktika inspektorlari planshetiga jo‘natib, mahalla orqali ham tarbiyalash masalasini yo‘lga qo‘ydik», — dedi IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i.

Qolaversa, 380 ta maktab hamda 170 ta bolalar bog‘chalarida yo‘l harakati qoidalari xonalari va maydonchalari tashkil etilgani ta’kidlandi.

Tanzila Narbayeva. Foto: Abdullo Ëdgorov / «Gazeta.uz».

Yig‘ilishda Senat raisi Tanzila Narbayeva ham fikr bildirib, bolalarni yoshlik chog‘idan yo‘l harakati qoidalariga o‘rgatish zarurligini aytdi. «Ichki ishlar xodimlari baribir hamma muassasaga ham yetib bora olmaydi. Shuning uchun tarbiyachilar [va o‘qituvchilar] buni bilib olib, bolalarga o‘rgatish tizimi qilinsa [maqsadga muvofiq], lekin sizlar o‘quv qo‘llanmalarini ishlab berishingizlar kerak», — dedi u.

Bekmurod Abdullayev esa bu borada UNICEF bilan hamkorlik qilish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

«3 kun oldin tashkilotning O‘zbekistondagi rahbari Munir Mamedzade bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdik. Bunda aynan UNICEF`ni 100 yildan ortiq tajribasi bor ekan. O‘yinlar, video, multfilmlar, kitoblar yoki bog‘chalardagi o‘yinchoqlar, maydonchalar orqali bolalarning ongiga ta’sir qilgan holda ularni nafaqat o‘zlari balki, qoida buzmoqchi bo‘lgan ota-onasini belgilanmagan joydan o‘tganda to‘xtatish tizimi yoki bo‘lmasa avtoulovning oldiga o‘tirmasdan orqaga o‘tirib, ota-onasi xavfsizlik kamarini taqmasa, taqing deb, tanbeh berish tizimi ham ko‘p ekan», — ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, YUNISEF xattoki shunday loyihalarni moliyalashtirishga tayyor ekanligini bildirgan.

Vision Zero — bu yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash va yo‘l-transport hodisalarida o‘limni kamaytirish bo‘yicha xalqaro dastur hisoblanadi. Konsepsiya avtomobil yo‘llarida o‘lim uchun «nol bardoshlik» prinsipiga asoslanadi va ularni yo‘l harakati xavfsizligi nuqtai nazaridan loyihalashni ta’minlaydi.