O‘zbekiston va Iroq yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi futbol uchrashuvi nafaqat muxlislarning toshbo‘roni bilan esda qoldi. Avvalroq yozganimizdek, voqea oqibatida fotosuratchi va operator jarohatlandi.

Sevimli telekanalining Zamon yangiliklar dasturi veb-sayti o‘z xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilishi va ularni ichki ishlar organlari vakillari tomonidan kaltaklanishi haqida xabar berdi. Material keyinchalik o‘chirib tashlandi, biroq uni Facebook`da saqlab qo‘yishga ulgurishdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, telekanal xodimlari turnirning barcha o‘yinlarini yoritish uchun akkreditatsiyaga ega bo‘lgan va o‘z vazifasini bajargan. «Biroq, kechagi o‘yin hamkasblarimiz uchun qimmatga tushdi», — deyiladi xabarda.

21:00 lar atrofida intervyu olish maqsadida xodimlari «Paxtakor» stadioniga borib organ xodimlarining qarshiligiga uchragan.

Futbolni yoritish uchun berilgan maxsus ruxsatnoma borligiga qaramasdan jurnalistlarga xodimlar shunday javob qaytargan: «Pressa bo‘lsang, bizga po***. Biz topshiriqni bajaramiz».

Shundan so‘ng ijodiy guruh kiritmagani uchun o‘zining e’tirozlarini bildirgan va stadion oldidagi holatni tasvirga olishni boshlagan. Organ xodimlari esa tasvirchining ruxsatnomasiga chang solgan, kamerasini tortib olgan, tasvirchining qo‘lini orqaga qayirib, jurnalistdan uzoqlashtirgan.

Ko‘z oldida tasvirchini jinoyatchilardek olib ketayotganini ko‘rgan jurnalist organ xodimlaridan qo‘yib yuborishni talab qilgan. Xodimlar esa uning ham qo‘llarini qayirib, mikrofon va ruxsatnomasini tortib olgan, deyiladi dastur saytida.

«Faoliyatim davomida birinchi marta shunday holatga duch keldim. Chunki konfliktga boradigan odam emasman. Buni meni yaqindan taniganlar yaxshi bilishadi. Ochig‘i, o‘sha mahalda o‘zimni jinoyatchidek his qildim. Organ xodimlaridan biri dabdurustdan mikrofonimga tashlandi va uni kimgadir uloqtirda, qo‘limni orqaga qayirdi. Ikkinchisi esa kameramdan mahkam ushlab oldi», — deb jurnalistning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda sayt.

«Bir mikrafonimga qarayman, bir tasvirchimga. Shu payt tasvirchimni yerda yotgan holatda zarbdan baqirayotganiga ko‘zim tushdi. 6−7 nafar ichki ishlar xodimlari va bir nafar milliy gvardiya xodimi tepkilayotgandi. Xodimlarning biri oyog‘iga dubinka bilan urdi. Qolgani qorin va bosh qismiga tepdi. Qo‘llarim ushlangan, imkonsiz qoldim faqat urmanglar deb baqira oldim, xolos», — dedi jurnalist.

«Bu jarayon soniyalar ichida sodir bo‘ldi-ki, nima bo‘layotganini anglab -anglamas edim. Odamlar OAV xodimlari tepkilanayotganini tasvirga olayotgandi. Ko‘pchilik oldida izza bo‘lganimiz, qoldi. Qo‘llarimizni qayirib, Shayxontoxur tuman IIB binosiga olib borib, navbatchilik qismiga topshirishdi», — deyiladi hikoyada.

«Tasvirchim og‘riqqa chidolmay, IIB koridorida yerda o‘tirib qoldi. Meni esa tashqariga chiqarib yuborishdi. Operatorimning sog‘ligi yomonlashayotganini ko‘rib, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldim. Tibbiyot xodimi IIBda qoldirish havfli ekanini, zudlik bilan shifoxonaga olib ketish lozimligini aytdi. Shundan so‘ng sherigimni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketishdi», — dedi jurnalist.

Tasvirchi ham voqea qanday sodir bo‘lganini so‘zlab berdi: «Urib qo‘limdagi kamerani tortib oldi. Har tomonimdan musht tushirdi, lekin yiqilmadim. 6−7 kishi bir vaqtning o‘zida tepkilardi. Shu payt ulardan biri ikki marta ko‘krak qismimga elektroshoker tekkazdi. Men yiqildim. Qolganini aniq eslolmayman. Tanamdagi og‘riq zo‘ridan nima ko‘zim oldi dam qorong‘ulashib, dam xiralashib… xullas… Ko‘zimni ochganimda shifoxonada edim».

Meni shifoxonaga olib borganda hamkasblarim 102 ga xabar berib, holatni tushuntirgan. Ammo mana bir sutkaki, ulardan darak yo‘q. Meniku, jonim omon qoldi. Biroq o‘rnimda boshqa «kuchsizroq» odam bo‘lgan u zarblarga dosh berolmay, o‘lib ham qolishi mumkin edi. Bir odamning taqdiriga shu qadar befarq qaraladimi?", — dedi tasvirchi.

Shundan so‘ng, tasvirchi kasalxonaga olib ketilgan, jurnalist esa kamera, shtativ, mikrafon va ruxsatnomalarini qaytarib berishni so‘ragan. Uning ko‘z oldida fleshkani Toshkent shahar IIBBga yuborishgan va «o‘zing o‘sha yerdan olasan» deyishgan. Futbol allaqachon tugab ham bo‘lgan. Soat tungi 02:10 larda muxbir shikastlangan kamera va shtativni olgan. Biroq mikrofon va ruxsatnomalar hamon qaytarilmagan.

«Eng qizig‘i, bo‘lar ish bo‘lgandan so‘ng muxbirdan ichki ishlar xodimlari kechirim so‘rab, ortiqcha gap qilmasligi va biron joyda gapirib yurmaslini aytgan», — deya ta’kidlangan xabarda.

Telekanal savol bilan yuzlangan: «Jurnalistlar qachongacha xor bo‘ladi? Chinakam jurnalist haqiqatni yozadigan, insonlar taqdiriga befarq qaramaydigan, har qadamda dahldorlik hissini tuyoladigan qalaming o‘tkir bo‘lishi kerak. Dimog‘dor kimsalarning xo‘rliklaridan so‘ng jurnalist „og‘zingni yum“ qabilidagi gaplarga ham chidab yuraversa JURNALISTIKAning o‘lgani shu, aslida!».

Jurnalist Aziza Qurbonova voqeaga shunday munosabat bildirdi: «Tosh otgan muxlislar bir tomon, 3−4 kishilab tasvirchini tepkilab urgan IIV bir tomon. Hammasi komplekt yuradi bizda. Voqeaga 2 kun bo‘ldi, na bir izoh, na bir ommaviy uzr, na bir bayonot bor organlardan».

Shu kunlarda Toshkentda yigit va qiz IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani xabar qilingandi. IIV matbuot kotibi ular «giyohvandlik vositalariga aloqadorlik, shuningdek, profilaktik nazorat buzilishi» bo‘yicha gumonlanib, tekshirish uchun bo‘limga olib borilganini ma’lum qildi.U «boshidanoq fuqarolar o‘zini noo‘rin tutganini» aytib, qisqa videoni e’lon qilgandi.

May oyida Samarqand IIB xodimlari bir nafar qozog‘istonlik va ikki nafar mahalliy turistga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holda majburan bo‘limga olib borishgandi. Videolarda xodimlar shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri olib borilayotgani va soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emasligi hamda ularga «reja» qo‘yilganini ta’kidlashgan. Voqeadan so‘ng, turistlarga kuch ishlatgan ikki xodim va ularning ikki mas’ul rahbari ham ishdan bo‘shatildi.

Bundan tashqari, Samarqand va Namangan viloyatlarida ichki ishlar xodimlari fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringani aytilgandi, buning isboti esa video lavhalarda aks etgan. Samarqandda ichki ishlar xodimi ayol kishini prokuratura binosidan chiqarishga urinayotganida o‘z qo‘li bilan xizmat kiyimidagi pogonini yulib tashlagan, buning uchun esa sud ayolni aybdor deb topgan. «Ezgulik» jamiyati tergov va sud ishi qonunga zid olib borilganini aytmoqda. Namangandagi holatda esa YPX xodimi haydovchi bilan tortishib, unga boshi bilan zarba bergan, inspektorga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.