O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyalari chegaraning ayrim uchastkalari bo‘yicha yangi kelishuv loyihasini kelishishga kirishish imkonini beruvchi bayonnomani imzoladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Bishkekka boradi.
Jahon banki vitse-prezidentini qabul qiladigan Shavkat Mirziyoyev, boshlanayotgan sovuq kunlar, Parkentda maktabga jar yoqalab ketayotgan bolalar, yirik YTH sabab yopilgan Toshkentdagi Nukus ko‘chasi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun ajratiladigan 2 mlrd so‘m pul va boshqalar — «Gazeta.uz»da kun dayjesti.
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga Ijevskdagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 15 kishiga yetgan.
Poytaxtning Nukus ko‘chasida to‘rtta avtomobil to‘qnashishi natijasida ulardan biri ag‘darilib ketdi. Ikki haydovchi jarohatlangan. Ko‘cha transport harakati uchun vaqtincha yopildi.
Hukumat qarori bilan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p xonadonli uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun 1,99 trln so‘m (davlat budjetidan atigi 10,6 mlrd so‘m) yo‘naltiriladi. Ishlar bosh vazirning birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi komissiya tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Yangiyo‘l tumani hokimligi fuqaroga «Yoshlar mehnat guzari ishlab chiqarish sexlari» majmuasini qurish uchun 2 gektar yer bergan. Boshqa fuqaro sheriklari bilan uning 1 gektarini $400 mingga sotib olishga kelishib, 30 ming dollarini olayotgan vaqtlarida ushlangan. Hozir holat bo‘ycha jinoyat ishi ochildi.
26 sentabrdan 2 oktabrgacha Tashkent Dance Fest doirasida shaharning 60 ta lokatsiyasida flesh-moblar va raqs jamoalari musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
29−30 sentabr kunlari Mo‘ynoqda «Orol baliqlaridan 99 tur taomlar» gastronomik festivali bo‘lib o‘tadi. Festivaldan maqsad hudud gastronomik turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, madaniy hamda ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish va bu orqali turistlar sonini yanada ko‘paytirish ekani qayd etilgan.
Dushanba kuni erta tongda 38 yoshli ayol «Xo‘jadavlat-Buxoro-1» yo‘nalishidagi poyezd urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. U o‘z joniga qasd qilishga uringani aytilmoqda.
6 oktyabr kuni Toshkentda yirik biznesning raqamli transformatsiyasiga bag‘ishlangan forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda qatnashish bepul.
27 sentabrdan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlariga sovuq havo massalari tarqaladi, kunduzgi harorat +22…+27 darajagacha pasayadi. Ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va hokimiyatlar huzurida Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi. Unga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va hokimlar rahbarlik qiladi.
«Gazeta.uz» dunyoning turli nuqtalarida yashayotgan va farzandi ushbu mamlakat maktabida o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashib, o‘quvchilarning kiyimiga qo‘yilgan talablar haqida so‘radi. Ularning aytishicha, MO davlatlarida majburiy forma mavjud, xorijda esa maktabga uy kiyimida borsa ham bo‘laveradi.
Bulung‘ur tumanida yuk mashinasi o‘zi bilan bir yo‘nalishda velosipedda harakatlanib ketayotgan 10 yoshli bolani urib yubordi. YTH oqibatida bola voqea joyida halok bo‘ldi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Gruziyada amaliy tashrif bilan bo‘ldi. Unda ikki davlat o‘rtasida bojxona sohasida professional kadrlarni tayyorlash bo‘yicha Hamkorlik memorandumi hamda Axborotlarni oldindan almashish bo‘yicha bayonnoma imzolandi.
Farg‘onada joriy yil yakunigacha elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Korxona yiliga 10 ming elektromobil ishlab chiqaradi va 40 foizini eksportga yo‘naltiradi. Qolaversa, qator ehtiyot qismlari mahalliylashtiriladi.
Parkent tumanining Obisher ko‘chasida bolalar maktabga jar yoqalab qatnayotgani aks etgan tasvirlarga tuman hokimligi munosabat bildirib, hashar yo‘li bilan qurilgan yo‘lga bahordagi yog‘ingarchilik jiddiy zarar yetgazganini aytdi. Hokimiyat muammoni yil oxirigacha hal qilishga va’da berdi.
28 sentabrdan «Andijon — Xiva — Andijon», 29 sentabrdan esa «Andijon — Urganch — Andijon» yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Avvalroq prezident vodiy viloyatlaridan boshqa viloyatlar markazlariga temir yo‘llar soni va sifati talab darajasida emasligini ta’kidlagandi.
Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ikkita uyali aloqa operatorining internet va aloqalarida muammolar yuzaga keldi. Mobiuz va Ucell kompaniyalari uzilishlarni magistralda sodir bo‘lgan avariya bilan izohladi.
Flydubai aviakompaniyasi Namanganga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Dubaydan Namanganga muntazam qatnovlar haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting