Toshkent viloyatining Parkent tumani Changi qishlog‘i «Nurobod» mahallasi Obisher ko‘chasida bolalar maktabga jar yoqalab qatnayotgani aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Tuman hokimligi holatga rasmiy bayonot berdi.

O‘quvchilar qiyinchilik bilan yurayotgan yo‘l mahalliy aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan, ammo 2022 yil bahor faslidagi davomiy yog‘ingarchiliklar sababli yo‘lning katta qismiga jiddiy zarar yetgan.

Keltirilishicha, ushbu yo‘l ichki yo‘llar balansiga kirmagani sababli loyiha-smeta asosida ichki yo‘llar balansiga kiritiladi hamda qurilish ishlarida malakali mutaxassislar jalb qilinadi. Hokimlikning qayd etishicha, shunchaki shag‘al tashlash orqali muammoga uzil-kesil yechim topib bo‘lmaydi, yomg‘irli mavsumlarda bunday holatlar yana takrorlanishi mumkin.

Hokimlik qishloqdagi bu vaziyatni to‘liq nazoratiga olgani va qurilish ishlari uchun loyihalashtirish ishlari boshlangani, 2022 yil so‘ngiga qadar bu masalaga ijobiy yechim topilishiga ishontirmoqda.

Ma’lumot uchun, Obisher ko‘chasida 14 ta xonadon bor. Ko‘cha 2018 yilda tashkil etilgan. Undan 8 nafar maktab o‘quvchisi Hisorak qishlog‘idagi 29-sonli maktabga qatnaydi. Hokimlik bu yo‘ldan tashqari qo‘shimcha xavfsiz yo‘l ham mavjudligi, bunda Obisher ko‘chasi bilan maktab orasidagi masofa 1,3 km tashkil etishini aytib o‘tgan.