20−23 sentabr kunlari Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Gruziyada amaliy tashrif bilan bo‘lib qaytdi. Gruziyaga tashrifning dastlabki tadbiri ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Gruziya bojxona nazorati tartibotlarini soddalashtirish va raqamlashtirishda qisqa muddatda tub o‘zgarishlar qila olgani bilan alohida ahamiyatga ega mamlakat hisoblanishini ta’kidladi. Shu jihatdan mazkur davlat qo‘lga kiritgan tajriba va yutuqlarni o‘rganish, o‘zlashtirish muhim ahamiyatga ega.

Jumladan, mamlakatda bojxona boji stvkalari optimallashtirilgan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun talab qilinadigan hujjatlar soni 54 tadan 2 taga tushirilgan, chegara o‘tkazish punktlarida avvalgidek, 8 ta emas, atigi 2 ta davlat idorasi faoliyat ko‘rsatadi. Korrupsiyaga eltuvchi barcha omillar bartaraf etilgan.

Uchrashuvda tomonlar bojxona tizimlaridagi yangilanishlar bo‘yicha ko‘rgazmali taqdimotlarni amalga oshirishdi hamda o‘zaro hamkorlikning muhim masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir yakunida bojxona sohasida professional kadrlarni tayyorlash bo‘yicha Hamkorlik memorandumi hamda Axborotlarni oldindan almashish bo‘yicha bayonnoma imzolandi.

Davlat chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlar almashinuvini tashkil etish to‘g‘risidagi mazkur bayon bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirish, jarayonlarni soddalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, bojxona sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Levan Kakava «O‘zbekiston bojxona xizmatiga 30 yil» esdalik nishoni bilan taqdirlandi.