Prezidentning «Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, SSP, Adliya vazirligi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolarini hal etish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Tadbirkorlar kengashi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasini yo‘lga qo‘yish taklifi ma’qullanadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari huzurida Tadbirkorlar kengashi tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, uning Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari respublika komissiyasi va kengashning ishchi organlari bo‘ladi.
Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi O‘zbekiston qonunlari, O‘zbekiston prezidentining farmon, qarorlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini amalga oshirish;
- tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, shuningdek, tadbirkorlik sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularni Respublika komissiyasiga taqdim etib borish;
- hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish sohasida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari hamda boshqaruvning vertikal tizimi asosida davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlash;
- hokim yordamchilari, davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish;
- Kengash majlislarini tashkil etish va unda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish sohasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hokim yordamchilari, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish.
Bundan tashqari, kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi. Unga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlari raislik qiladi hamda Kengashning faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan javobgar hisoblanadi.
Kengash o‘z vakolatlari doirasida majlislar, tadbirkorlar bilan davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etadi hamda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hal etish darajasiga qarab davlat organlari va tashkilotlariga kiritib boradi.
Shu bilan birga, har chorak yakuni bo‘yicha bir marotaba amalga oshirgan ishlari yuzasidan respublika komissiyasiga hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga hisobot berib boradi.
Prezident qarori loyihasi doirasida jamoatchilik muhokamasi 8 oktabrga qadar davom etadi.