Dushanba kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalarining o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolangan protokol chegaraning ayrim uchastkalari bo‘yicha yangi kelishuv loyihasini kelishish jarayonini boshlash imkonini beradi, deb xabar qildi Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi matbuot xizmati.

Bayonnomani Bishkekda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev imzoladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari, Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Salimjon Xusanov, transport vaziri Ilhom Maxkamov, suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va boshqalar o‘rin oldi.

Abdulla Aripov O‘zbekiston tomonining Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishishda to‘liq qat’iyatli ekanini tasdiqladi.

“Ikki respublika hukumat delegatsiyalari O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining qolgan uchastkalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha qattiq mehnat qilib, mashaqqatli ishlarni amalga oshirdi. Ishonchim komilki, delimitatsiya jarayonining yakunlanishi azaliy do‘stligimiz va chinakam qardoshlik munosabatlarimiz daxlsizligini yana bir bor tasdiqlaydi”, — dedi u.

Qamchibek Tashiyevning aytishicha, shartnoma loyihasi tez orada ikki davlat prezidentlari tomonidan imzolanishi uchun tayyorlanadi.

“Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasini yakunlash bo‘yicha tarixiy missiyamiz bor. Bu, bir tomondan, yuksak sharaf, ikkinchi tomondan, katta mas’uliyat… Bugun Qirg‘iziston va O‘zbekiston yaqin qo‘shni, haqiqiy do‘st va strategik sherikdir. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, mintaqalararo, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirishga to‘liq tayyor”, — dedi u.

O‘zbekiston bosh vaziri Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashib, uning yakunlari chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha huquqiy jarayonni tezroq yakunlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tomonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka bo‘lajak davlat tashrifini ham muhokama qildilar.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti O‘zbekiston bilan chegara liniyalari allaqachon aniqlangani, ularni qog‘ozda tuzatish va rasmiylashtirish qolganini bir necha bor ta’kidlagan edi. Davlatlar chegara masalalarini muhokama qilishni joriy yil oxirigacha yakunlash niyatida edi.