O‘zbekiston hukumatining yagona majburiy maktab formasini joriy etish rejasi besh yildan buyon keng jamoatchilik noroziliklari tufayli amalga oshmay kelmoqda. 2018 yildayoq hukumat tasdiqlangan maktab formasi 2022 yilning may oyiga kelib yana dolzarb masalalar qatoriga ko‘tarildi.

19 may kuni hukumat 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini to‘liq joriy etishga qaror qildi. Biroq jamoatchilik yana e’tiroz bildira boshladi, voqealar rivojida xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bayonot bilan chiqib, yangi o‘quv yilidan boshlab yagona maktab formasi majburiy bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moslashuv jarayoni uchun ma’lum vaqt kerakligini inobatga olib, yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.

Samarqandda SHHT sammiti boshlanishidan biroz oldin Toshkentdagi 142-maktabda IIB xodimlari nazorat tadbiri o‘tkazib, o‘quvchilarga soch turmagi uchun tanbeh berdi va 2 smgacha qisqartirishni buyurdi. Maktab direktori esa o‘quvchilardan birini ko‘k ko‘ylak kiyib kelgani uchun koyib berdi va undan forma talab qildi.

Mazkur voqealar ortidan «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov yaqin qo‘shni va uzoq hamkor davlatlarda maktab o‘quvchilarining formasiga qanday talablar qo‘yilgani bilan qiziqdi. Muxbir dunyoning turli nuqtalarida yashayotgan va farzandini ushbu mamlakat maktabida o‘qitayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.

Eslatma: suhbatdoshlarning bildirgan fikrlari bo‘yicha tartib o‘sha davlatning boshqa hududida umuman aks ko‘rinishda bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Qirg‘iziston

Jalolobod viloyatida istiqomat qiluvchi Nigora Ubaydullayevaning ta’kidlashicha, Qirg‘izistonda ham ota-onalar yil boshidan forma masalasini hal qilishga kirishdi.

Foto: Kaktus Media.

«Hamma o‘quvchilardan forma kiyish talab etiladi. Aksariyat maktablarda formaning tepasi oq, pastki qismi qora bo‘ladi. Ayrim maktablarning o‘zini formasi bor va ota-onalarga majburan sotiladi. O‘quvchi darsga sport uslubida kiyinib borishi mumkin emas, mashg‘ulotga kiritilmaydi. Krasovka kiyish ham taqiqlangan. Qizlar ro‘mol o‘rashi mumkin. Adashmasam, Qirg‘izistondagi hamma maktabda ro‘molga ruxsat bor. Faqat ro‘mol rangi oq bo‘lishi shart. O‘g‘il bola o‘quvchilarning soqol qo‘yishi man etilgan», — dedi vatandosh.

Uning aytishicha, o‘g‘il bolalarning sochi, qizlarning esa pardozlanishi, ziraklar taqishi va soch turmaklari bo‘yicha o‘ziga xos qoidalar o‘rnatilgan hamda barcha mavjud tartiblarga amal qiladi.

«Bir bolaga bitta mavsumbop forma olishga 70−80 dollar ketadi. Bir yillik forma uchun esa 150−200 dollar mablag‘ atrofida sarflaymiz», — dedi Nigora Ubaydullayeva.

Qozog‘iston

Ostona shahrida oilasi bilan yashaydigan Nodira Habibullayeva Qozog‘istonda ham maktab o‘quvchilari forma kiyishi odatga aylanganini qayt etdi.

Foto: Zakon.kz.

«Bu mamlakatda ham o‘quv yili boshidan albatta, forma kiyish an’anasi mavjud. Ota-onalardan farzandiga forma kiydirish talab etiladi. Soch o‘stirish, bo‘yanish kabi holatlar o‘qituvchilar tomonidan nazorat qilib boriladi va o‘quvchining yaqinlari ogohlantiriladi. Ammo qoidalarga amal qilmaydigan o‘quvchilar ham, bolasini to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydigan ota-onalar ham bor», — dedi u.

Nodira Habibullayevaning ta’kidlashicha, o‘quvchilar orasida krasovka kiyish urfga kirmoqda.

«Xususiy maktablar kiyimga jiddiy ahamiyat bermaydi, u yerda biroz bo‘lsa ham erkinlik bor. Biroq davlat maktablari formaga qattiq qaraydi. Ro‘mol va diniy liboslarga oid mamlakat qonunlari haqida ko‘p ma’lumotga ega emasman. Lekin ro‘mol o‘raydigan o‘quvchi qizlarni ko‘raman, ular ko‘p emas», — dedi Nodira Habibullayeva.

Tojikiston

Tojikistonlik jurnalist Ozod Meliboyevning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni mamlakatda o‘quvchilar uchun majburiy maktab formasi yo‘lga qo‘yilgan. Bu tartib ancha yildan beri bor. Davlat maktabida ham, xususiy maktablarda ham o‘quvchilar forma kiyishi shart.


Foto: tj.sputniknews.ru.

«Hamma maktabning o‘z formasi mavjud, bir-biridan farq qiladi. Ota-onalarning o‘zi sotib oladi yoki buyurtma beradi. Odatda maktablar tikuvchilik firmalari bilan hamkorlik qiladi, ko‘proq o‘sha korxonadan sotib olinadi. Forma kiyish tartibi joriy etilgach, boshida e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Lekin keyingi yillarda deyarli muhokama qilinmayapti», — dedi jurnalist.

Uning aytishicha, forma narxi 1−4 sinflar uchun 230 somoniy, 5−9 sinflarga 250 somoniy, 10−11 sinflar uchun esa 350 somoniyga tushadi. Forma tarkibiga shim (qiz bolalar uchun yubka), kostyum va kamzul kiradi.

«O‘quvchilarning maktabga ro‘mol o‘rab hamda soqol qo‘yib kelishi taqiqlangan», — deya qo‘shimcha qildi Ozod Meliboyev.

Turkiya

Anqarada istiqomat qiluvchi Zamira Hamidovaning ta’kidlashicha, Turkiyada forma kiyish tartibi belgilangan. Asosan, muhim kunlar oldidan o‘quvchilar maktabga formada borish bo‘yicha ogohlantiriladi.

«Ko‘p ota-ona farzandiga oddiy kiyimlar olib berishga harakat qiladi. O‘quvchi ustidagi libos yorqin rangli, yozuvli va turli suratlar chizilgan bo‘lmasligi kerak. Ro‘molga taqiq yo‘q», — dedi vatandosh.

Uning aytishicha, Turkiyada dollar kursining yuqorilashi aholining daromadi va yashash tarziga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sabab ayni paytda maktablarda forma masalasida qattiq turilmayapti, jiddiy talab qilinmayapti.

Yaponiya

Kunchiqar mamlakatning Fukuoka shahrida pedagoglik faoliyatini olib boruvchi Sohibjon Abdullayevning ma’lum qilishicha, Yaponiyadagi deyarli barcha davlat maktablari — 1−6 sinflarda majburiy forma degan tartib yo‘q. O‘quvchi istagan kiyimida darslarga qatnashishi mumkin. Ustidagi libosining rangi, yozuvi va tushirilgan suratlariga ahamiyat berilmaydi, muhokama ham qilinmaydi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan.

«O‘quvchi o‘rta maktabga o‘tgach, ya’ni 7 sinfdan majburiy forma kiyishni boshlaydi. Har bir tuman (shahar) yoki viloyat xalq ta’limi boshqarmalarining o‘zi qabul qilgan maktab formasi bo‘ladi. O‘sha hududdagi barcha maktab o‘quvchilari bir xil forma kiyadi. Kiyimlar tenderda g‘olib bo‘lgan firmalar tomonidan maxsus dizaynda tikiladi va faqat o‘sha firmalarning savdo markazlaridan ota-onalarning o‘zi xarid qiladi. Hijobda yuradigan o‘quvchilardan ham forma kiyishi talab qilinadi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, har bir maktabda o‘sha ta’lim muassasasi o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan turli o‘lchamdagi forma namunalari bo‘ladi. O‘quvchilar formalarni kiyib, o‘ziga ma’qulini tanlaydi va maxsus do‘konlardan sotib oladi.

«Formalar narxi material sifatiga qarab turlicha bo‘ladi. O‘g‘lim 7 sinfga o‘tganida, 400−500 dollar atrofida kiyim-kechak: kastyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyim, hatto sinfxonada kiyadigan poyabzalgacha xarid qilganmiz. Har bir maktabda o‘quvchi va ota-onalar uchun qoidalar yozilgan kichik qo‘llanmalar tarqatiladi. Unda o‘g‘il bolalar soch o‘stirmasligi, qizlarning ziraklar taqmasligi va boshqa tartiblar qayd etiladi. O‘quvchilar ana shu qoidalarga amal qilgan holda o‘qiydi», — dedi Sohibjon Abdullayev.

Germaniya

Yana bir suhbatdoshimiz — camarqandlik Dilbar G‘afforova Germaniyaning Marburg shahrida yashaydi, ikki nafar farzandi davlat maktablarida tahsil oladi. Uning aytishicha, bu mamlakatda o‘quvchilar uchun majburiy maktab formasi tartibi joriy etilmagan.

«Hech qanday dress-kod mavjud emas. Ba’zida ota-onalar maslahatlashib, esdalik uchun maktab yoki sinfni aks ettiruvchi tasvirli yo yozuvli futbolkalarga buyurtma beramiz. Bir bolaga boshdan oyoq o‘rtacha sifatli kiyim sotib olsangiz, 80−100 yevro xarajat qilasiz. Agar mashhur brend kiyimlaridan xarid qilsangiz, bundan ham ko‘proq mablag‘ sarflashingiz shubhasiz», — dedi u.


Foto: hansenschule.de.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Germaniyada barcha bola uchun 18 yoshga to‘lguniga qadar oyiga 190 yevro atrofida «bola puli» beriladi.

«Ota-onalar shu puldan farzandi uchun kerakli narsalarni sotib oladi. Ammo oila kam ta’minlanganlar toifasida bo‘lsa, ularga davlat qo‘shimcha yordam ham ko‘rsatadi. Masalan, bunday oila farzandiga maktab oshxonasida bepul tushlik uchun talonlar yoki forma taqdim etiladi», — dedi Dilbar G‘afforova.

Ta’kidlanishicha, o‘quvchilarning ro‘mol o‘rashi, soqol qo‘yishiga hech qanday cheklov yo‘q. Germaniyada bolalarga bag‘rikenglik tushunchasi yaxshi singdirilgan, kiyimi, tashqi ko‘rinishiga qarab odam ajratish, deyarli uchramaydi.

«Bunday erkinlik bo‘lishi uchun yaxshi poydevor shakllantirilgan. Birgina misol, o‘qituvchilarning psixologik malakasi yuqori va ular juda uyg‘oq. Har bir bolani kuzatib yurishadi, xavotirli signalllar sezishsa, darhol ota-onalar, o‘smirlar bilan ishlash va himoya qilish bo‘yicha agentlikka (Jugendamt) murojaat qilishadi», dedi u.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, biror o‘quvchining sochi o‘sib ketgan, taralmagan, kiyimi tartibsiz bo‘lsa, uyida ota-ona tomonidan yetarli e’tibor yo‘qligi, ehtimol bu oilada zo‘ravonlik, axloqsiz turmush tarzi bor deb, bong uriladi. Yoki biror qiz ro‘molga o‘rangan bo‘lsa-yu, ammo sinfdoshlarining uyidagi tadbirlarga bormasa, sinf bilan qilingan sayoxatlarga qo‘shilmasa, bu oilada o‘ta radikal qarashlar va majburlash bor, degan gumon bilan ommaga e’lon qilinadi. Agentlik bu kabi oilalarni borib o‘rganadi. «Qisqasi, individual yondashuv bor, ammo umumiy cheklov va taqiqlar mavjud emas», — dedi Dilbar G‘afforova.

Vatandoshning aytishicha, forma kiyish tartibi bo‘lmasa ham, ammo sinfxonada bosh kiyim bilan o‘tirish odobsizlik hisoblanadi. O‘quvchi diniy ro‘moldan tashqari, qolgan bosh kiyimlarni sinfxonada yechishi shart.

Finlyandiya

Finlyandiyada yashovchi Akmaljon Nabiyevning ta’kidlashicha, bu davlatda o‘quvchilar ta’lim maskaniga xohlaganidek kiyinib boradi, tashqi ko‘rinishga jiddiy e’tibor berilmaydi.

«O‘zbekistonda har o‘quv yili boshida ota-onalar farzandi uchun yangi kiyim-kechak, aniqrog‘i, maktab formasi sotib oladi. Lekin Finlyandiyada bunday an’ana yo‘q, deyarli barcha ota-ona atay yangi kiyimlar xarid qilmaydi. O‘quvchilar maktabga erkin kiyinib boradi. Hatto uy kiyimida borsa ham birov indamaydi. Chunki birinchi o‘rinda tashqi ko‘rinishga emas, bolaning yaxshi o‘qishi va intizomiga ahamiyat qaratiladi. Darslarda ro‘mol o‘ragan holda yoki sochni o‘stirib qatnashish mumkin, bunga taqiq yo‘q», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p sinflarda o‘quvchilar oyoq kiyimini ostonada yechib, keyin kiradi. Mashg‘ulotlarda yalang oyoq ishtirok etishi yoki polda o‘tirishi ham mumkin


Foto: baraeva.wordpress.com

Akmaljon Nabiyevning qayd etishicha, maktab ma’muriyati ota-onalardan farzandini mavsumga mos kiyintirishni talab qiladi.

«Finlyandiya Shimoliy mamlakat hisoblanadi. Shuning uchun qish faslida maktablarda konkida uchish mashg‘ulotlari o‘tiladi. Ota-onalar shu sport anjomini albatta, olib beradi. Garchi majburiy forma tartibi yo‘q bo‘lsa-da, ammo maktab rahbariyati ota-onadan bolasini mavsumga qarab kiyintirishini so‘raydi», — dedi vatandosh.

Vetnam

Vetnamdagi yoshlarga ingliz tilidan o‘qituvchilik qilayotgan farg‘onalik Dostonbek Siddiqov esa ushbu mamlakatda bog‘chadan to oliy ta’lim muassasasigacha majburiy forma yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.


Foto: Dostonbek Siddiqovning shaxsiy arxividan.

«Har bir maktabning o‘z formasi bo‘ladi. Dizayni va logotipi ham boshqa maktablarnikidan farq qiladi. Ota-onalar har yili forma sotib oladi. Narxlar material sifatidan kelib chiqib, turlicha baholanadi», — dedi u.

Dostonbek Siddiqovning ta’kidlashicha, boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining forma narxi 18−20 dollar, o‘rta sinflarniki 35−45 dollar, yuqori sinfdagi o‘g‘il-qizlarning formasi o‘rtacha 60 dollarni tashkil etadi. Qayd qilingan mablag‘larga oq ko‘ylak, qora kostyum va shim hamda jismoniy tarbiya fani uchun sport kiyimi sotib olinadi.

Xitoy

Pekin shahrida yashovchi Dilfuza Tojimatova Xitoydagi davlat maktablari o‘quvchilari majburiy forma kiyishini aytdi.

«Hamma maktabning formasi turlicha bo‘lib, har birining o‘z dizayni va rangi bor. Bir muassasaning formasi boshqasinikiga o‘xshamaydi. Lekin barcha maktab o‘quvchisining bosh kiyimi sariq rangda, bo‘yinbog‘i esa qizil bo‘lishi shart. Har o‘quv yili boshida o‘qituvchilar ota-onalarga maktab formasi olishni tavsiya qiladi. O‘quvchi va ota-ona o‘ziga yoqqan formani onlayn platforma orqali ko‘rib, o‘sha yerdan buyurtma beradi. Yozgi va kuzgi formaning narxi 50 dollar atrofida. Ko‘pchilik kiyimlarini ikki yilda bir marta yangisiga almashtiradi», — dedi u.

Dilfuza Tojimatovaning qayd etishicha, o‘quvchilardan odatda har dushanba kuni forma kiyish talab qilinadi. Chunki hafta boshida maktablarda bayroq ko‘tarish tadbiri o‘tkaziladi.

AQSh

2018 yildan buyon Texas shtatida 72 ta maktabni birlashtirgan tizimda Oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunarga tayyorlash yo‘nalishi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Mavluda Oripovaning ta’kidlashicha, Amerikadagi davlat maktablarining 40 foizi o‘z formasini joriy etgan, ularda o‘quvchi bolalar forma kiyishga majbur.


Foto: Mavluda Oripovaning shaxsiy arxividan.

«Qolgan 60 foiz maktabda forma tizimi yo‘q, o‘quvchilardan formada kelish talab etilmaydi. Ammo kiyinish borasida o‘ziga xos qoidalar mavjud. Masalan, qulog‘idan boshqa joyiga zirak taqishi, kalta shim, tizzadan baland ko‘ylak, umuman, ochiq-sochiq kiyinish mumkin emas. Har o‘quv yili boshida ota-onalar shu tartiblar bilan tanishtiriladi va qoidalarga amal qilishi haqida imzo qo‘ydirib olinadi», — dedi u.

Mavluda Oripovaning aytishicha, okean ortida o‘quvchi o‘z diniga oid libosda maktabga bemalol borishi mumkin, unga hech qanday qarshilik ko‘rsatilmaydi. Masalan, musulmon o‘quvchi qizlar ro‘mol o‘rashi yoki hijob kiyishi mumkin.

«Forma tizimi bor maktablardagi o‘quvchilar va ularning ota-onasi formani afzal ko‘radi. Chunki yagona maktab formasi joriy qilinmagan muassasalar shu darajadagi taqiq va qoidalarni talab etadiki, ota-ona farzandiga qanday kiyimlar kiydirishga qiynalib, ko‘p bosh qotiradi. Shu bois ham formani ma’qul, deb biladiganlar ko‘payib boryapti», — dedi vatandosh.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yagona majburiy formani kiritish taklifini ilk bor 2017 yilning avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgandi. Davlat rahbari o‘quvchilarning bir-birining kiyimiga qarab baho berishi va natijada mojarolar vujudga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagandi. Biroq, VMning tegishli qarori jamoatchilik tomonidan juda sovuq qabul qilindi. Vaqt o‘tib, o‘quvchilar uchun yagona majburiy formani 2019−2020 o‘quv yilidan joriy etish rejalashtirildi, uning namunalari 2018 yildayoq hukumat tomonidan tasdiqlangandi.

2019 yilning may oyida esa prezidentning qizi, o‘sha vaqtda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva majburiy yagona maktab formasini joriy etishdan avval maktablardagi kamchiliklarni bartaraf etish lozimligini aytgandi. O‘sha yilning iyunida Vazirlar Mahkamasi yagona formani joriy etish muddatini 2024−2025 o‘quv yiligacha qoldirgandi. O‘sha vaqtga kelib, ko‘plab maktablar shakl namunalarini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lishdi va ota-onalar uni sotib olishdi. Noroziliklar ortidan maktablarda bolalarga o‘zlarida mavjud bo‘lgan formani kiyishga imkon berishdi. 2019 yilning 11 iyuniga kelib esa o‘sha vaqtda xalq ta’limi vaziri (hozirda AKT vaziri) Sherzod Shermatov yangi o‘quv yilida kutilganidek maktab formasi majburiy bo‘lmasligini ma’lum qilgandi. XTV umumta’lim maktablari orqali yagona maktab formasi savdosini tashkil etish taqiqlanganligini eslatib qo‘ygandi.