Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida fuqaro o‘zining jinoiy sheriklari bilan «Yoshlar mehnat guzari ishlab chiqarish sexlari» majmuasini qurish uchun ajratilgan yerning bir qismini noqonuniy sotib yuborishda gumonlanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, 2019 yilda Yangiyo‘l tuman hokimligi M.B.ning nomiga teng sherikchilik asosida «Yoshlar mehnat guzari ishlab chiqarish sexlari» majmuasini qurishga tumanning «Chortoq» mahallasidan 2,0 gektar yer maydoni ajratib bergan.

S.X. fuqaro M.B. bilan yerning 1 gektarini 400 ming AQSh dollari evaziga sotishga kelishgan. Undan o‘zaro kelishilgan pullarning 30 ming dollarini olayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Yangiyo‘l tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hozir dastlabki tergov harakatlari ketyapti.