Toshkentda bahor va yoz festivallari kuzda ham bo‘lib o‘tmoqda. Toshkent shahar hokimligi tomonidan 26 sentabrdan 2 oktabrgacha Tashkent Dance Fest 2022 raqslar festivali o‘tkaziladi.

Mazkur yirik musiqiy tadbir ixlosmandlarni junbushga keltiruvchi ikki qismga bo‘lingan. Birinchisi — 26−28 sentabr kunlari shahar bo‘ylab fleshmoblar to‘lqini bilan o‘tadi. Bog‘lar va metroda, aeroport va SKMlarda, xiyobon va ko‘chalarda tomoshabinlar uchun kutilmaganda quvnoq musiqa yangrab, piyoda yurtdoshlar va tomoshabinlarni raqsga tortuvchi raqs maydonchasi paydo bo‘ladi. Tadbir 60 dan ortiq lokatsiyalarda bo‘lib o‘tadi. Poytaxtning har bir fuqarosi va mehmoni do‘stlari bilan raqs tushib, kayfiyatini ko‘tarishi mumkin.


Festivalning ikkinchi qismida 29 sentabrdan 2 oktabrgacha O‘zbekiston Milliy bog‘ida raqs jamoalarining yirik tanlovi bo‘lib o‘tadi: saralash, chorak va yarim final hamda unutilmas final. Tanlovning besh nominatsiyasidan milliy raqslardan tortib, yoshlarning dance-pop raqslarigacha turli yo‘nalishlar o‘rin olgan. Hakamlar qatorida qo‘shni davlatlardan taklif qilingan nufuzli hay’at a’zolari ham bor. G‘oliblarni qimmatli va ajoyib sovg‘a hamda mukofotlar kutmoqda.

Tashkent Dance Fest 2022 festivalida poytaxt didjeylari va o‘zbek estradasi yulduzlarining chiqishlari kutilmoqda.

Festival hamkori — Pepsi savdo belgisi.

Reklama.