Farhona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahridagi o‘rganishlari davomida mexanika zavodi hududida joylashgan kichik sanoat zonasidagi Central Asia Motors korxonasida bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Korxonada 2021−2022 yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillarini ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha qilingan ishlar ko‘zdan kechirildi.

«5 mln dollar tadbirkorning o‘z mablag‘lari, 5 mln dollar bank krediti hamda 40 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga jami 50 mln dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan ushbu loyiha to‘liq yakunlansa, 350 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, yillik 10 ming dona elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va uning 40 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Shuningdek, elektromobillar uchun kuzov, zaryad stansiyasi va akkumulyator ehtiyot qismlari mahalliylashtiriladi.

Korxona bosh direktori Bahodir Ahmedov viloyat rahbariga elektromobillar ishlab chiqarish jarayonlari joriy yil yakuniga qadar boshlanishini ma’lum qildi.