Vazirlar Mahkamasining 23 sentabrdagi «Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, hokimliklar, vakolatli vazirlik va idoralar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni quyidagilardan boshlashlari lozim:

  • olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarni hamda tabiiy ofatlar tufayli yo‘llar talofat ko‘rishi ehtimoli mavjud qishloq va ovullarga ko‘mir va suyultirilgan gazni yetkazib berish hamda 15−20 kunga yetadigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish;
  • «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga ko‘mir va suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish hamda bolalarni issiq kiyim-kechak bilan ta’minlash;
  • barcha hududlarda maqbul narxlarda oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish.

Shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga hokimliklar bilan birgalikda mahalliy budjetlar va qo‘shimcha manbalar hisobidan ko‘p qavatli uylarga tutash hududlardagi jamoat hojatxonalarini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriq ijrosini ta’minlash topshirildi.

Hujjat bilan elektr, gaz, suv ta’minoti, issiqlik energiyasi, ko‘mir, suyultirilgan gaz va boshqalar bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi. Ushbu vazifalarni bajarish uchun 1,99 trln so‘m (shundan, davlat budjeti hisobidan atigi 10,6 mlrd so‘m, mahalliy budjetlar va qo‘shimcha manbalar hisobidan 326 mlrd so‘m, tashkilotlar va aholi mablag‘lari hisobidan 1,57 mlrd, homiylik mablag‘lari hisobidan 10,1 mlrd so‘m) mablag‘ va 71,68 mlrd so‘m boshqa manbalardan yo‘naltirish rejalashtirilgan).

Hafta davomida tumanlar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga bo‘linadi.

Qaror bilan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzildi. Unga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qiladi. Hududiy komissiyalarga hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.