O‘zbekiston hududi hafta oxirigacha nisbatan sovuq antitsiklon periferiyasi ta’siri ostida bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

26 sentabr kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz, asosan, kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Respublikaning katta qismida kunduzgi havo harorati yuqori, +30…+35 darajani tashkil etadi. Faqat O‘zbekistonning shimoliy hududlariga Volga bo‘yi hududlaridan sovuq antitsiklon kirib keladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida havo harorati +20…+25 darajagacha pasayadi.

Seshanba kunidan boshlab sovuq havo massalari respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. O‘zbekiston hududi hafta oxirigacha nisbatan sovuq antitsiklon periferiyasi ta’siri ostida bo‘ladi. 27 sentabrdan respublikaning barcha hududlari bo‘yicha havo sovuqlashadi, kunduzgi harorat +22…+27 darajagacha pasayadi. 29−30 sentabrda kechalari harorat pasayadi, kechasi va ertalab termomert ustuni +10…+15 darajagacha tushadi.

Dushanba va seshanba kunlari front o‘tishida ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Janubning eng chekkasida va Farg‘ona vodiysida shamolning kuchayishi 21−23 m/s ga yetishi mumkin.

Respublikaning tekislik hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat ertaga 27 sentabr kuni tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.