Chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida Toshkentning 73 ta asosiy ko‘chasida avtobuslar uchun alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Prezident transport infratuzilmasini yaxshilash bilan birga, jamoat transporti ustuvorligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Nukus voqealari bo‘yicha sud hukmi, shartli ozod etilgan sudlanuvchilarning so‘zlari, Korrupsiyani qabul qilish indeksida yuqorilagan O‘zbekiston, vazirlarga tayinlangan yangi o‘rinbosarlar, avtobuslarga yurgan yo‘li, xizmatiga qarab pul ajratilishi, fevral ob-havosi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Odamlarni tartibsizliklarga jalb qilishda ayblangan Nukus voqealari ishtirokchisi Ahmet Smetullayev shartli jazo olib, sud zalidan ozod qilindi. U OAV bilan uchrashuvda «imkoniyat bergani uchun» prezident Mirziyoyevga rahmat aytib, o‘zini «Dauletmurat Tajimuratovni sotgan» deb hisoblamasligini bildirdi (video).
Qoraqalpog‘istondagi iyul voqealarida «yetakchilik qilish»da ayblangan Azamat Nuratdinov 31 yanvar kuni sud zalidan ozod qilindi. Nuratdinov jurnalistlarga o‘zini sotqin deb hisoblamasligini, endi «oxirgi nafasigacha» Tajimuratovga o‘xshagan «iflos»ga qarshi kurashishini ma’lum qildi (video).
Qoraqalpog‘iston voqealari ishi yuzasidan aybli deb topilgan va shartli ravishda ozod qilingan Lolagul Kallixanova o‘zining eng katta xatosi, «Exo-kamera»ga qanday tushib qolgani va chiqib keta olmagani, qolaversa, sud faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Shavkat Mirziyoyev viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi va Transport universiteti bilan birgalikda 1 iyulga qadar barcha viloyat markazlarining Transport bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunda aholi orasida alohida so‘rov o‘tkazib, ularning fikrlari olinadi.
Transparency International xalqaro tashkilotining 2022 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 126-o‘rinni egalladi. Bu 2021 yilgi ko‘rsatkichga (140-o‘rin) qaraganda 14 pog‘ona yuqori.
O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vaziriga Durdona Raximova, Shaxrillo Maxmudov va Murad Ismailovlar o‘rinbosar etib tayinlandi.
Prezident transport korxonalari kunlik tushum «plani»ni bajarishga bog‘lanib qolib, kunning «eng daromadli» paytida harakatlanishga odatlanganini tanqid qildi. Shu sababli endilikda mablag‘ avtobusning yurgan masofasi va odamlar bu xizmatdan roziligiga qarab berilishi qayd etildi.
Zangiota tumanida temiryo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaroni poyezd urib ketdi. Oqibatda 59 yoshli kishi vafot etdi. Aniqlanishicha, fuqaro 10 yildan buyon ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turgan.
Qo‘shrabot tumanida 5 kishi ovqatdan zaharlanib, ularning 2 nafari vafot etdi. Sanepidqo‘mita fuqarolarni ogohlikka chaqirdi.
Seshanba kuni Nukus tumani «Oqterak» mahallasidagi ikki qavatli uydagi xonadonda gaz portlashi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida 4 kishi jarohat oldi, ularning ahvoli og‘irligi va tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani aytilmoqda.
O‘zbekiston fuqarolari uchun Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan qolish muddati 30 kungacha uzaytirildi. Eski tartibga ko‘ra, bu muddat 5 kunni tashkil etardi.
Yanvarning oxirgi kunlaridagi sovuq fevral boshida ham saqlanib turadi. Bu oyda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi, ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Fevral oxirigacha harorat kechalari +2…−5 darajagacha, kunduzi +2…+17 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda yangi o‘quv yilidan maktablarda 6 ta fan o‘tilmasligi haqida xabar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi buni rad etib, xabarlar 2020 yil karantin davrida chiqqan eski ma’lumotlar ekanini bildirdi.
Toshkentda «7-avtobus saroyi»ga tegishli 94-sonli yo‘nalishdagi avtobusni singan orqa oynalari skotchlangan holda yo‘lga chiqargan mexanik ishdan bo‘shatildi. Saroy bosh muhandisiga xayfsan berildi.
DXXning poytaxt va Toshkent viloyatida olib borgan tadbirlari natijasida fuqarolardan noqonuniy sotilayotgan 20 ming donaga yaqin giyohvand moddalar olib qo‘yildi. Barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘izistondan olib kirilgan.
Buxoro viloyati sudida Nukusdagi iyul voqealarini sodir etganlikda ayblangan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi. «Gazeta.uz» barcha gumondorlarga nisbatan o‘qilgan hukmning to‘liq ro‘yxatini e’lon qilmoqda.
Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha jinoiy ish yuzasidan asosiy ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o‘tash, shuningdek, undan 228 mln so‘m zararni undirish belgilandi.
Nukus voqealari bo‘yicha sud hukmida Lolagul Kallixanova, Azamat Turdanov, Axmet Smetullayev va Azamat Nuratdinovlarga nisbatan ozodlikni cheklash va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi. Ular sud zalidan shartli ravishda ozodlikka chiqarildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting