Toshkentdagi 73 ta ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi. Bu haqda seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining qayd etishicha, yo‘llarda jamoat transportining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlash — dolzarb masala. Shu maqsadda Toshkentda 73 ta asosiy ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etib, chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu orqali avtobuslarning o‘rtacha tezligi 1,5 baravar oshib, kechikishlar bartaraf etiladi.

Viloyatlar hokimlariga o‘z hududida poytaxtdagidek kabi transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlab, amalga oshirishni boshlash topshirildi. Bunda yo‘l va chorrahalarda jamoat transportiga ustuvorlik berish, bekatlarda aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Toshkentda 2025 yilgacha 11 ta ko‘chada tezyurar avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilgan edi. Hozirda faqat Farg‘ona yo‘li va Navoiy ko‘chalarida ajratilgan yo‘laklar mavjud. Poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning aytishicha, Navoiy ko‘chasida jismoniy to‘siqlar o‘rnatilmasa, «ajratilgan yo‘laklar» ishlamasligini ko‘rsatgan. Shu bois, jamoat transporti uchun yo‘laklarni umumiy foydalanishdagi yo‘laklardan konus va lentalar bilan vaqtincha ajratish ko‘zda tutilgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar jamoat transportining amalda ustuvor bo‘lishini ta’minlash imkonini beradi. Aslida yo‘l harakati qoidalari bu ustuvorlikni nazarda tutadi, lekin hech kim bunga rioya qilmaydi.

«Ajratilgan liniyalar rejali reyslarni amalga oshirishi uchun ish tezligini oshirish uchun zarur. Avtobuslarga ustuvorlikni bermasak, parkni to‘ldirish ularning jadvalga amal qilishga imkon bermaydi. Faqatgina jamoat transportining ustuvorligi uning barqaror bo‘lishiga va hozirgidek tirbandlikka qaram bo‘lib qolmaslikka imkon beradi».