Buxoro viloyati sudi binosida 1−2 iyuldagi Nukus voqealarida ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga nisbatan sudya Yelubay Abibullayev sud hukmini o‘qib eshittirdi, deya xabar bermoqda sud majlisida qatnashayotgan «Gazeta.uz» muxbiri.

Dauletmurat Tajimuratov (1979 yilda tug‘ilgan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, millati — qoraqalpoq, «Yel xыzmetinde» advokatlik byurosi advokati, ilgari «Yel xыzmetinde» gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

U Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi, 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi 3-qismi va 244−1-moddasi 3-qismi «a», «b», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Dauletmurat Tajimuratovga moddalar umumlashtirilgan holda 18 yil so‘ralgandi.

Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,8 milliard so‘mdan ortiq zararning 256 million so‘mi qoplangani inobatga olinib, qoplanmagan 6,5 milliard so‘mdan ziyod miqdordagi moddiy zararlarni sudlanganlardan solidar tartibda undirish, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan 228 million so‘m zararni sudlangan Dauletmurat Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli bo‘lib jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi.