Toshkent shahrida 94-sonli avtobus orqa oynalari singan holda yo‘nalishga chiqqani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, «7-avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi, davlat raqami 01|129 YFA bo‘lgan, MAN rusumli, 94-sonli yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi ushbu avtobus 2018 yil ishlab chiqarilgan bo‘lib, tasarruf boshidan buyon 346 115 km masofani bosib o‘tgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 94-sonli avtobus haydovchisi Sh. Sh. avtobus saroyi hududida o‘ziga biriktirilgan avtobusni orqa oynasini ehtiyotsizlik oqibatida sindirib olgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgani va avtobusni nosoz holatda yo‘nalishga chiqargani uchun navbatchi mexanik Sh. S. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bundan tashqari «7-Avtobus saroyi» bosh muhandisiga xayfsan intizomiy chorasi ko‘rildi.