Shavkat Mirziyoyev huzurida Toshkent shahri va viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda Sherzod Asadov.

Prezident yil yakuniga qadar barcha avtobus marshrutlari aholi ehtiyoji asosida qayta ko‘rib chiqilishi shartligini ta’kidladi.

Viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi va Transport universiteti bilan birgalikda 1 iyulga qadar barcha viloyat markazlarining Transport bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda aholi orasida alohida so‘rov o‘tkazib, ularning fikrlarini olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Avtobuslar parkini kengaytirish uchun tashuvchi tadbirkorlarga avtobus parkini yangilashni rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Jumladan:

  • tashuvchilarni tanlashda avtobusning yangiligiga qarab, yo‘nalishda yo‘lovchi tashishning kafolatlangan muddatlari 7 yilgacha uzaytiriladi (10 yoshdan oshgan avtobuslar bo‘yicha shartnoma tuzilmaydi);
  • tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashiga ruxsat beriladi;
  • avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.

Yig‘ilishda yo‘llarda avtobuslar harakati uchun infratuzilma masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Toshkent shahridagi 73 ta asosiy ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etib, chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish dasturi ishlab chiqildi.

Bu orqali, avtobuslar o‘rtacha tezligi 1,5 baravar oshib, kechikishlar bartaraf etiladi.

Viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

  • o‘z hududida transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlab, ishlarni boshlash;
  • namunaviy bekat loyihasini ishlab chiqib, tadbirkorlarga reklama va bankomat xizmatlarini tashkil qilish uchun vaqtinchalik foydalanishga berish tartibini kiritish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabrdagi parlament va xalqqa murojaatida Toshkent shahri va hududlarga 1000 tadan avtobus olib kelinishini ma’lum qilgandi. «Hudo xohlasa Navro‘z bayramigacha (21 mart — tahr.) respublikaga 2000 ta avtobus olib kelamiz. Biz buni qilishimiz shart. Odamlar shuni talab qilayapti», — degandi prezident.