Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti 2020 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 126-o‘rinni egallagan, ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 14 pog‘onaga yuqori. 2021 yilda O‘zbekiston 140, 2020 yilda 146-o‘rinda edi.

Indeks aksariyat davlatlar korrupsiyani «to‘xtata olmayotganini» ko‘rsatmoqda. Xalqaro nodavlat tashkilot dunyo bo‘ylab 180 ta mamlakat va hududlarni davlat sektoridagi korrupsiya darajasiga ko‘ra, 0 (juda korrupsiyalashgan)dan 100 (juda toza)gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholaydi.

transparency international, korrupsiya

Keltirilishicha, o‘n yildan ortiq vaqt davomida global o‘rtacha ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolmoqda. Mamlakatlarning 2/3 qismidan ko‘prog‘i 50 dan past ball to‘plagan, 26 ta davlat esa eng past ballga tushib qolgan. Davlatlar orasida birgalikdagi sa’y-harakatlar va yutuqlarga qaramay, 155 mamlakat korrupsiyaga qarshi sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi yoki 2012 yildan beri ko‘rsatkichi pasayib bormoqda.

Eng yuqori va past ko‘rsatkichli davlatlar

Reytingda 90 ball bilan Daniya yetakchilik qilmoqda. Finlyandiya va Yangi Zelandiya 87 ball bilan keyingi o‘rinlarda turibdi. Norvegiya (84), Singapur (83), Shvetsiya (83), Shveysariya (82), Niderlandiya (80), Germaniya (79), Irlandiya (77) va Lyuksemburg (77) bu yil kuchli 10 talikni yakunladi.

Somali (12), Suriya (13) va Janubiy Sudan (13) indeksning eng quyi pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, Venesuela (14), Yaman (16), Liviya (17), Shimoliy Koreya (17), Gaiti (17), Ekvatorial Gvineya (17) va Burundi (17) ham oxirgi o‘nlikni egalladi.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Bu yilgi reytingda Qozog‘iston — 101, Qirg‘iziston — 140, Tojikiston — 150, Turkmaniston — 167-o‘rinda turibdi.

«Dunyo mamlakatlari orasida 15 yildan beri global tinchlik yomonlashmoqda. Korrupsiya buning asosiy sababi va natijasi bo‘ldi. U hukumatlarning odamlarni himoya qilish qobiliyatiga putur yetkazadi va jamoatchilik ishonchini yo‘qotadi, xavfsizlikka tahdidlarni nazorat qilishni tobora qiyinlashtiradi. Boshqa tomondan, ziddiyat korrupsiya uchun imkoniyatlar yaratadi va hukumatlarning uni to‘xtatish harakatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», — deyiladi xabarda.