31 yanvar kuni Buxoro viloyati sudida Nukus voqealarida gumonlangan 22 kishiga nisbatan o‘qilgan hukmdan so‘ng jurnalist, Makan.uz sayti asoschisi Lolagul Kallixanova jurnalistlarning savollariga javob berdi. U mazkur ish doirasida aybdor deb topilib, 8 yilga hukm qilindi va shartli ravishda ozodlikka chiqarildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Kallixanova so‘zi avvalida suddan ushbu qarori uchun minnatdorligini bildirib, o‘zi siyosatchi emas, balki jurnalist ekanligi va nimaga siyosiy faollik ko‘rsatganini tushuntirib berdi.

«Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tegishli moddalarga o‘zgartirish kiritish [taklifi] vaqtida o‘zim faol qarshilik ko‘rsatganman. Balki shuning uchun meni shunday atashgan bo‘lsa kerak. Eng katta xatoni men 25 iyundan boshlab 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda qilganman, chunki [Makan.uz Telegram-kanalida] 60 ming obunachim bor edi. Bir tomonlama bo‘lgan shaxsiy qarashim bilan [media] materiallar tayyorlab, Qoraqalpog‘istondagi mitinga sababchi bo‘lganman», — dedi u.

Jurnalist shuningdek, OAVdagi «echo chamber» ["Exo-kamera"] muayyan g‘oyalar, fikrlar xabarni uzatish yoki uni yopiq tizim ichida takrorlash jarayonida mustahkamlanib, yanada kuchayib boraveradigan tushunchaga to‘xtalib o‘tdi. Bunday xabarlar boshqa shunga o‘xshash axborot oqimlarini yutib yuboradi.

«Bu shunday narsaki, bir xonaga kirib qolsangiz, exo chiqadi. Jamiyat ham shunaqa, o‘ziga o‘xshab fikrlaydiganlar orasiga kirib qolsa, «Exo-kamera»ga tushib qoladi. 10 yillik tajribam bo‘lgani bilan nazariya boshqa, amaliyot boshqa ekan, men shunga tushib qoldim. Men faqat o‘zimni (Makan.uz saytining Telegram`dagi) botim, sms va qo‘ng‘iroqlar muhitining ichiga tushib qoldim. Faqat [Konstitutsiya o‘zgarishiga] qarshi fikrdagi odamlarni eshitib, hamma shunaqa o‘ylayapti degan noto‘g‘ri tushunchaga kelib qoldim. Undan chiqib ketolmadim, 5−6 kun davomida o‘sha yerda qolib ketdim. O‘shaning uchun shunaqa qaror qabul qilib, JKning 244-moddasidagi jinoyatni sodir qildim», — dedi u.

jurnalist, лолагuл каллиханоva, нuкuс воқеалари, сuд ishи

Uning so‘zlariga ko‘ra, «uning xatosi boshqa jurnalistlarga o‘rnak, saboq bo‘lishi kerak». «Echo chamber»ga tushgan paytda faqat o‘sha yerdan chiqib ketib, hissiyotga berilmasdan, tiniq fikrlaydigan odamlarning maslahatini olish kerak, dedi u.

«Bundan avval ham Qoraqalpog‘istonda qoraqalpoq tilida tanqidiy materiallar yozganman. 25 iyundan keyin ham hech kim menga qo‘y deb aytmagandi. O‘shanda ham O‘zbekistonda so‘z erkinligi bor edi. Lekin men qonun doirasidan chetga chiqtim va shuning uchun javob berdim», — deya ta’kidladi u.

U shuningdek, O‘zbekistonda va tashqarida hamkorlaringiz kim edi, degan savolga shunday javob berdi: «Hamkorlarim bo‘lmagan. Yolg‘iz harakat qilganman, Qoraqalpog‘istondagi shu [voqealarni] bir o‘zim yoritganman».

Jurnalistning ta’kidlashicha, faqat u va Dauletmurat Tajimuratov qamoq shaklida jazoga loyiq edi.

«Agar qamalishi kerak bo‘ladigan ikkita odam bo‘lsa, shular aslida, Dauletmurat Tajimuratov bilan men bo‘lishim kerak edi. Hozir qamalgan odamlarga juda ham rahmim kelayapti. Meni ayolligim inobatga olingandir, lekin baribir o‘zimni aybdor his qilaman. Tajimuratov bilan ikkalamiz teppa-teng aybdormiz. Bu men unga qarshi [chiqaman] degani emas. U xato qildi, men ham xato qildim. Ikkalamiz ham bir xil xato qildik. Odamlarni noto‘g‘ri, noqonuniy yo‘lga boshladik… Aslida biz ikkalamiz jazolanishimiz kerak», — dedi Lolagul Kallixanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston «bu o‘zgarishlarsiz ham hammasi edi».