Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Keltirilishicha, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Chinor» YPX maskanida Cobalt to‘xtatilib, tekshirilgan. Natijada haydovchi — Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxs va unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro 10 864 dona «Regapen» hamda 1995 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dorilarini Toshkent shahriga olib ketayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Sergeli tumanida bu dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida Yashnobod tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ayol va Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlandi.

Yana bir holatda Toshkent halqa avtomobil yo‘lining Bektemir tumani hududidan o‘tgan qismida to‘xtab turgan Cobalt ko‘zdan kechirilganda uning salonida bo‘lgan, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan ikki fuqaro 5450 dona «Regapen» va 466 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Farg‘ona viloyatidan Toshkent shahriga olib kelgani ma’lum bo‘lib, ushbu dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Yana bir holatda Namangan-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt poytaxtga kiraverishdagi «Sharq» YPX maskanida to‘xtatilib tekshirildi. Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan ayolga tegishli sumkada 590 dona «Selofen» va 478 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Surishtiruv harakatlari davomida u dori vositalarini Toshkent shahrida kutib turgan, 1991 va 1997 yillarda Jizzax viloyatida tug‘ilgan ikki fuqaroga olib borib berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, Sergeli tumanida ushbu shaxslar ham dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Chilonzor tumanidagi mehmonxonaning ular vaqtincha joylashgan xonasidan 137 dona «Selofen» va 11 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingani ma’lum bo‘ldi. Hozirda holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.