Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi «Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketish shartlari to‘g‘risida»gi bitimga o‘zgartirish kiritilib, o‘zbekistonliklarning ushbu davlatga kirishi, bo‘lishi va chiqib ketishi tartibi o‘zgardi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari chegarani kesib o‘tgan kundan boshlab 30 kalendar kun davomida Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lishi mumkin (amaldagi tartibga ko‘ra 5 kun). Ammo umumiy bo‘lish muddati 180 kalendar kuni davomida 90 kalendar kundan, ya’ni 6 oy davomida 3 marta kirib-chiqishi va jami bo‘lish muddati 3 oydan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Ushbu yangi qoida Qozog‘istonga 2023 yil 27 yanvardan keyin kirgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.

Qozog‘istonga ishlash maqsadida boruvchi O‘zbekiston fuqarolari uchun 1 oy davomida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgach, uni Xalqqa xizmat ko‘rsatish markazida ro‘yxatga kiritib, 3 oy muddat uchun ruxsatnoma olish yoki salohiyatli ish beruvchilar tomonidan kvota asosida ishga jalb qilish tartibi mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolarning o‘zaro sayohatlari shartlarini yangilashni rejalashtirgandi. Unda bir davlat fuqarolari ikkinchi davlat hududida 30 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan qolishlari mumkinligi ko‘zda tutilgan edi. O‘sha paytda bu muddat 5 kunni tashkil etgan.