Buxoro viloyat sudida 31 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda 2022 yil iyul oyida yuz bergan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 22 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukmlar o‘qib eshittirildi. Sudlanuvchilardan Lolagul Kallixanova, Ahmet Smetullayev, Azamat Turdanov va Azamat Nuratdinovga nisbatan ozodlikni cheklash tarzidagi shartli jazo qo‘llanilib, ular sud zalidan ozod qilindi.

Sud zalidan ozod qilinganlardan Azamat Nuratdinov 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilganlikda ayblanayotgan edi. Davlat ayblovchisi unga nisbatan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llashni so‘ragan edi.

Sud yakuniga yetgach, Nuratdinov jurnalistlar bilan muloqot qilarkan, O‘zbekiston prezidentiga, o‘z xalqiga sodiq qolib, «ikki xalqning urushtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik»ga va’da berdi.

— Xudo xohlasa, men [O‘zbekiston] prezidentiga, xalqimga sodiq qolib, ikki xalq [o‘rtasida] millatchilik uyg‘otib, bir-biriga nisbatan norozilik [uyg‘otayotgan] odamlarga ikki xalqni urushtirishlariga yo‘l qo‘ymayman. Ko‘pchilik, xalq internetdagi materiallar ta’sirida [chalg‘ib qoldi]. Xudo xohlasa, [menga berilgan] imkoniyatdan foydalanib, o‘zim yashaydigan tumanda, qolaversa, Qoraqalpog‘istonning boshqa tumanlariga ham borib, Dauletmurat Tajimuratov va unga o‘xshagan, davlatimga tosh otayotgan iflos odamlarga [qarshi] oxirgi nafasimgacha kurashaman.

— Nega o‘z vatandoshingiz haqida bu qadar [nafrat bilan] gapirayapsiz? U ham qoraqalpog‘istonlik-ku.

— To‘g‘ri, qoraqalpog‘istonlik. Biz boshida [uning maqsadlarini] tushunmadik. Xalq konstitutsiya [o‘zgarishiga norozilik bildirib ko‘chaga] chiqdi. Biz uning g‘arazli niyati borligini bilmagandik. Uning 4 iyulgacha qochib yurganini sud davomida bildim. 4 iyul kuni qo‘lga olingan. O‘zingiz ko‘rdingiz, 2 iyulga o‘tar kechasi soat 03:38 da uyidan qochib ketgan. 2 iyul kuni tong otgandan boshlab Dauletmurat Tajimuratov deb kimlardir uni izlayapti. Kimlardir esa konstitutsiya deyapti.

Xalq sodda-da, Dauletmurat kerak, deyapti. Dauletmurat 4 iyulgacha qochib yurmay, 2 iyul kuni «mana, men borman» deb xalqni tinchlantirsa bo‘lardi. 1 iyul kuni ham tinchlantirsa bo‘lardi. Sodda xalq Dauletmuratning faqat yaxshi taraflarini ko‘rgan. Men haqqoniy aytishim kerak — unga nisbatan 5 marta «firibgarlik» moddasi bilan ish ochilganini shu sudda birinchi kuni eshitgandim.

— Lekin siz baribir unga ishonib chiqqansiz?

— Biz faqat Konstitutsiya deb, [shu gapga] ishonib chiqdik. Konstitutsiya o‘zgaryapti, deb tushungandik-da. Undan keyin nimalar bo‘lib ketishini bilmagandik.

— Tajimuratovning tarafdorlari nazarida siz hozir sotqinsiz. Ularga nima deysiz?

— Men sotqin emasman. Nega sotqin bo‘lkarman? Haqqoniy sud bo‘ldi. Dauletmurat Tajimuratovning o‘zi haqiqiy sotqin. Nega 4 iyulgacha qochib yuradi? Yuragi yigitniki bo‘lsa, 2 iyul kuni xalqning oldiga chiqsin edi.

Video