Buxoro viloyat sudida 31 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda 2022 yil iyulda bo‘lgan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha hukmlar o‘qib eshittirildi. Sudlanuvchilardan Lolagul Kallixanova, Azamat Nuratdinov, Azamat Turdanov va Ahmet Smetullayevga ozodlikni cheklash tarzidagi shartli jazo qo‘llanilib, ular sud zalidan ozod qilindi.

Shartli ozod qilinganlardan 30 yoshli Ahmet Smetullayev 2022 yil 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilish va o‘zi ham ularda faol ishtirok etib, Dauletmurat Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanayotgan edi. Prokuror uni 8 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi.

Smetullayev suddan so‘ng ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida «imkoniyat bergani» uchun O‘zbekiston prezidentiga minnatdorchilik bildirib, qoraqalpog‘istonliklarni «ko‘zni ochishga», «aldanmaslikka», «millatchilik qilmaslikka» chaqirdi.

— Xudo xohlasa, O‘zbekiston xalqiga, qoraqalpoq xalqiga jon-tanim bilan xizmat qilaman. Qoraqalpoq xalqiga aytadiganim — ko‘zingizni oching, millatchilik qilmang, bunday narsalar boshqa bo‘lmasin, ilohim! Internetda o‘tirib olib, «qani, chiqaylik» deb aytayotganlarga ishonmang, aldanib qolmang, ko‘zlaringizni oching, bolalaringizni o‘ylang.

— Lekin videolarda siz aldangan shaxsga o‘xshab ko‘rinmagan edingiz, o‘z xohishingiz bilan soatlab [Tajimuratovning yonida] yurgandingiz. Hozir o‘zingizni aldangan, deb hisoblaysizmi?
— Bizga Dauletmurat qonuniy miting o‘tkazyapman, deb aytgandi. «Videomurojaat bilan ham chiqdim, xat bilan ham chiqdim, qonuniy bo‘ladi, bu jinoyat emas», degandi. Qilgan ishimiz jinoyat ekanini panjara ortida o‘tirganimizdan keyin bildik.

— O‘shanda nimani talab qilgan, nimani xohlagan edingiz?
— Konstitutsiyamiz o‘zgarmasin deb, [Konstitutsiya o‘zgarishidan] norozi bo‘lib chiqqanman.

— Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning tarkibida qolishi kerakmi?
— Ha, qolaversin. Yaxshi yashayapmiz.

— O‘zingizning va Qoraqalpog‘istonning kelajagini qanday ko‘ryapsiz?
— O‘zbek bilan qoraqalpoqning hammasi bir. Men o‘z oilamda o‘zbek qizini olganman. Shu paytgacha unday millatchilik bo‘lmagan.

— Men chet elda Qoraqalpog‘iston tomondan sizga qarshi so‘zlarni eshitdim. Ularning aksariyati nazdida Tajimuratov qahramon, u butun Qoraqalpog‘iston uchun kurashyapti, lekin siz va boshqalar uni sotdingiz. Bunga nima deysiz?
— Men Dauletmuratni sotganim yo‘q. Birinchidan, u bizlarga «chiqinglar» deb, o‘zi birinchi bo‘lib qochdi. «Xalq yovvoyi bo‘lsa, ayb menda emas», deb hammasini xalqqa ag‘dardi. Men shu yerga kelib aldanganimni bildim. Dauletmuratning o‘zi qochib ketdi, xalq uni qutqarmoqchi bo‘lib, hamma chiqqandi. U qochib yurdi. «O‘zim yoningizni olaman», degan gaplari bor edi.

— Orangizda eng ko‘p va og‘ir jazoni Tajimuratov oldi, uning o‘zi hukmni qoraladi. Unga nima degan bo‘lardingiz?
— Bilmadim, u yog‘ini men tushunmayman.

— Demak, bu borada gapingiz yo‘q?
— Yo‘q.

— Ichkarida (ayblanuvchilar kursisida) o‘tirganingizda juda bir qiziq dinamika bo‘ldi: bir tomondan hamma do‘st, birodardek ko‘rindi. Boshqa tarafdan, har biringiz o‘zingiz uchun kurashdingiz. Ichkarida nimalarni muhokama qildingiz? Biror kelishuv bo‘ldimi?
— Ichkarida kelishuv bo‘lmadi.

— Rostdanmi? Orangizda Tajimuratovga qarshi hech qanday kelishuv bo‘lmadimi?
— Aksincha. Dauletmurat Tajimuratov hamma narsani bizning bo‘ynimizga qo‘ymoqchi bo‘ldi. «Hammasini u qildi, Azamat Turdanov qildi», deb, [bo‘ynimizga qo‘ymoqchi bo‘ldi]… Hamma narsani xalqqa, bizning bo‘ynimizga ag‘dardi. Bu mardning ishi emas.

— Nega endi? Tajimuratov bu yerda qaysidir ma’noda hammangizni himoya qildi, hamma uchun kurashdi. Yo unday emasmi? Unga qarab siz ham o‘zingizni himoya qila boshladingiz-ku?
— Bilmadim, u biz uchun kurashdi, deb o‘ylamayman. Aksincha, bizni savolga tutib, hamma narsani bo‘ynimizga qo‘ymoqchi bo‘ldi.

— Sudning Buxoroda o‘tganiga qanday qaraysiz?
— Noroziligim yo‘q, yaxshi o‘tdi.

— Sudyaga qanday baho бераsiz?
— Sudya adolatli qaror chiqardi, deb o‘ylayman. Hamma iltimosnomalarimizni vaqtida ko‘rib chiqdi. Sudyaga noroziligim yo‘q.

— Bir necha oylardan beri hibsda o‘tirgan bir o‘zbekistonlik sifatida tizim haqida nima deysiz? Panjara ortidagi ahvol qanday?
— Hech kim panjara ortiga tushmasin. Allohdan so‘rab, sabr qilib o‘tirdik.

— Hozir aytishngiz mumkin — qiynoqlar rostdan ham umuman bo‘lmadimi?
— Qiynoq bo‘lmadi.

— Ruhiy qiynoqlar-chi?
— Qiynoq bo‘lmadi.

— Panjara ortida eng ko‘p nimadan ezildingiz (qiynaldingiz)?
— Uyda 100 yoshga to‘lgan buvim bor, uni o‘ylab, bolalarimni, ota-onamni o‘ylab, juda sog‘inib, juda qiynaldim. 100 yoshli buvimning xizmatida bo‘lishim kerak, men esa qamoqda o‘tiribman. Xato qilganimni kech tushundim. Prezidentimizga rahmat, mana, imkoniyat berdi. Xudo xohlasa, xalqim uchun xizmat qilaman.