O‘zbekistonda uchta vokzalni DXSH doirasida rivojlantirish rejalashtirilmoqda

Davlat-xususiy sheriklik doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “Navoiy-Uchquduq” uchastkasini elektrlashtirish, “Toshkent-Angren” ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasini qurish va boshqa loyihalar samaradorligini o‘rganish topshirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ning qarzlarni to‘lash muddati uzaytirilib, 150 mln dollarlik yangi kredit ajratiladi

Prezident “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari bo‘yicha asosiy qarzini to‘lash muddatini foiz stavkalarini o‘zgartirmagan holda uzaytirishni ma’qulladi. Yuk va yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 150 mln dollar kredit ajratilmoqda.

Toshkent metropoliteni tig‘iz vaqtlarda to‘lib kelgan vagonga chiqmay, keyingisini kutishni iltimos qildi

Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar ko‘payib, vagonga ortiqcha yuklama tushayotgani sabab ko‘p buzilish bo‘layotganini aytdi. Bunda to‘lib kelgan vagonga chiqmay, keyingisini kutish tavsiya qilindi. Tiqilinchni kamaytirish uchun yil oxirigacha “Chilonzor” yo‘liga ham 5 vagonli poyezdlarni sinov uchun qo‘yish reja qilinmoqda.

Sudoche ko‘llar tizimi xalqaro ahamiyatdagi suv-botqoq hududlari ro‘yxatiga kiritildi

Qoraqalpog‘istondagi Sudoche ko‘llar tizimi “Ramsar” konvensiyasining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq hududlari ro‘yxatiga kiritildi. Bungacha Dengizko‘l (2001), Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi (2008) hamda To‘dako‘l va Quymazor suv omborlari (2020) mazkur ro‘yxatdan joy olgan.

MB so‘rovida qatnashganlarning aksariyati sentabrda non va un narxi sezilarli oshganini qayd etdi

sentabrda O‘zbekistonda sezilgan inflyatsiya darajasi 13,3 foizgacha pasaydi. Daromadi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarning aksariyati non va un, 10−15 mln so‘m bo‘lganlar benzin va yoqilg‘i, 15 mln so‘mdan yuqori bo‘lganlar esa meva va sabzavotlar narxi sezilarli darajada oshganini qayd etdi.

OTB O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish uchun 170 mln dollar yo‘naltiradi

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish uchun 105 mln dollar qarz va 65 mln dollar grant yo‘naltiradi. Dasturda elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.

XVJ 2023-yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi prognozini yaxshiladi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2023-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishiga bahosini biroz yaxshiladi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga oshishi kutilmoqda. Xuddi shu ko‘rsatkich 2024-yil uchun ham prognoz qilinmoqda.

O‘zbekistonda eng qimmat avtoraqam qariyb 75 ming dollarga sotildi

01 777 RRR avtomobil raqami kimoshdi savdosida 894 mln so‘mga sotilib, O‘zbekistonda yuridik shaxslar uchun eng qimmat “chiroyli” raqam bo‘ldi. Bir yarim soatlik savdoda narx 3 barobarga oshdi.

Andijon davlat universitetida 39,3 mlrd so‘m naqd pul talon-toroj qilingani aniqlandi

Andijon davlat universitetida talabalarga ortiqcha stipendiya hisoblash, TTJdan tushgan pullarni o‘zlashtirish va talabalarga hisoblangan rag‘batlantirish mablag‘lari tarqatmaslik yo‘li bilan jami 39,3 mlrd so‘m naqd pul talon-toroj qilingani aniqlandi.

Yangihayot tumanidagi ko‘cha va mavzelarga nom berish bo‘yicha takliflar qabul qilinmoqda

Toshkent shahri aholisi 10−17-oktabr kunlari Yangihayot tumanidagi mavze va ko‘chalarni nomlash bo‘yicha takliflarini yo‘llashi mumkin. “Gazeta.uz” avvalroq poytaxtdagi 200 ga yaqin geografik obyektning nomi yo‘qligi haqida yozgandi.

Toshkentda telefonida video olib ketayotgan 18 yoshli Equinox haydovchisi YTH sodir etdi

Toshkentda 18 yoshli Equinox haydovchisi telefondan foydalanib ketayotganda, svetoforda turgan boshqa mashinaga katta tezlikda borib urildi. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Nexia-3 haydovchisi va yo‘lovchisi jabrlangan.

Toshkentda tuproq bosib qolgan 5 nafar quruvchidan 2 nafari halok bo‘ldi

Uchtepa tuman hokimligi kollektor qurilishida 5 nafar xodimni tuproq bosib qolganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ulardan 2 nafari vafot etdi, 1 nafari kasalxonada, qolganlarning ahvoli qoniqarli baholanmoqda.

Toshkent hokimligi va BYD o‘rtasida 2000 ta elektrobus xarid qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi

Toshkent hokimligi Xitoyning BYD kompaniyasidan 2000 dona K9UD eBus elektrobuslarini xarid qiladi. 200 ta avtobusning birinchi partiyasi 2024-yilda keltirilishi kerak.

O‘zbekiston 6 ta tezyurar Hyundai Rotem poyezdi va 30 ta Skoda elektropoyezdini sotib oladi

O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta tezyurar poyezd, Chexiyaning Skoda kompaniyasidan 30 ta elektropoyezd sotib olishni rejalashtirmoqda. Buning uchun davlat kafolati ostida 535 mln yevro miqdorida kreditlar jalb etiladi.