2023-yilning yozi Shimoliy yarimsharda so‘nggi ikki ming yillikdagi eng issig‘i bo‘ldi, deb yozmoqda Bloomberg Nature jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib. Shu bilan birga, olimlar kelayotgan yoz yanada issiq bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda — bu asosan El-Nino fenomeni tufayli kuchaygan texnogen iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq.

Avvalroq meteorologlar 2023-yilni sayyora iqlimining hujjatlashtirilgan kuzatuvlari boshlangan 1850-yildan beri eng issiq yil deb tan olgan edi. So‘nggi 2000-yildagi Yer harorati ma’lumotlarini aniqlash uchun tadqiqotchilar instrumental o‘lchovlar va iqlim rekonstruksiyasini birlashtirdi.

Ular o‘tgan yilning o‘ta issiq yozi nafaqat zamonaviy rekordlarni yangilaganini, balki 246 yildagi eng issiq yozdan 0,5 daraja oshib ketgani va 536 yildagi eng sovuq yozga nisbatan deyarli 4 daraja issiqroq ekanini aniqladi.

“Uzoq tarixga nazar tashlasangiz, hozirgi global isish qanchalik dramatik ekanini ko‘rishingiz mumkin”, — dedi ushbu tadqiqot hammualifi bo‘lgan Britaniyadagi Kembridj universiteti xodimi Ulf Byuntgen. “2023-yil juda issiq bo‘ldi va agar biz issiqxona gazlari chiqindilarini keskin kamaytirmasak, bu tendensiya davom etaveradi”.

Tadqiqot mualliflari o‘z tahlillarini 30-parallel shimoliy kenglik va Shimoliy qutb o‘rtasidagi quruqlik hududlari bilan chekladi, chunki dunyodagi aksariyat eng qadimgi ob-havo stansiyalari shu yerda joylashgan. Ular Shimoliy yarimsharning to‘qqizta hududidagi minglab daraxtlarning yillik halqalarini o‘rganish orqali hududning tarixiy iqlim sharoitini tikladi. Ob-havo sharoiti daraxtlarning tanasida yog‘och qatlamlarini yaratishga ta’sir qiladi, shuning uchun daraxt halqalarida avvalgi haroratlar haqida ma’lumot mavjud.

Olimlar daraxtlarning yillik halqalari rekonstruksiyalari va instrumental o‘lchovlar o‘rtasida 19 asrning ikkinchi yarmi bo‘yicha tafovutlarni aniqlagan, bu esa eski termometrlarning ko‘rsatkichlari qanchalik to‘g‘ri ekani haqida savollar tug‘diradi.

Daraxt halqalari, shuningdek, olimlarga so‘nggi 2000-yildagi sovish davrlarining aksariyati stratosferaga juda ko‘p miqdorda aerozollar chiqaradigan va sirtning tez sovishiga olib keladigan katta vulqon otilishidan keyin sodir bo‘lganini ko‘rsatdi.

Olimlar eng issiq davrlarning aksariyatini El-Nino bilan bog‘laydi, bu esa butun dunyo bo‘ylab ob-havo sharoitlarini buzadi va odatda Shimoliy yarimsharda yozda haroratning oshishiga olib keladi. Bu hodisa haqida birinchi eslatma 17 asrda baliqchilar tomonidan qayd etilgan, ammo u daraxt halqalarida izlarini ancha oldin qoldirgan.

Biroq so‘nggi 60 yil ichida issiqxona gazlari emissiyasi oqibatida yuzaga kelgan global isish El-Ninoning kuchayishiga olib keldi, bu esa, o‘z navbatida, issiq yozni chaqirdi. Hozirgi El-Nino 2024-yilning yozi boshigacha davom etishi kutilmoqda, bu esa shu yozda yana harorat rekordlari o‘rnatilishi ehtimolini oshiradi.

“To‘g‘ri, iqlim doimiy ravishda o‘zgarib turadi, lekin 2023-yilda issiqxona gazlari sabab bo‘lgan isish El-Nino sharoiti tufayli yanada kuchaydi, shuning uchun biz uzoqroq, kuchliroq issiqlik to‘lqinlari va uzoqroq qurg‘oqchilik davrlariga ega bo‘lamiz”, — dedi tadqiqot bosh muallifi va Iogann Gutenberg universitetining (Germaniya) iqlim geografiyasi professori Yan Esper.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ularning natijalari Shimoliy yarimshar uchun ishonchli bo‘lsa-da, xuddi shu davr uchun global o‘rtacha ko‘rsatkichlarni olish qiyin, chunki Janubiy yarimshar uchun ma’lumotlar siyrak. Janubiy yarimshar ham iqlim o‘zgarishiga boshqacha munosabatda bo‘ladi, chunki u Shimoliy yarim sharga qaraganda okean bilan ko‘proq qoplangan.

El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suvning sirt qatlami haroratining anomal ravishda oshishi bilan tavsiflangan tabiiy hodisa. Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo‘ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik hududlarda normal yog‘ingarchilik va atmosfera sirkulyatsiyasi buzilib, butun dunyo bo‘ylab ekstremal iqlim hodisalariga sabab bo‘ladi.